Xotira abadiy, jasorat mangu
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Urganch shahridagi xotira maydonida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Maydon bo‘ylab taralgan mungli ohang, motamsaro ona haykali, xotira olovi, xotira kitobiga o‘yib yozilgan bitiklar mudhish urush haqiqatlarini ifoda etadi, g‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan insonlarni eslatadi.
Tadbirda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, viloyatning barcha shahar va tumanlaridan nuroniylar, baynalmilalchi jangchilar, front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, sektorlar rahbarlari, mehnat faxriylari, harbiy-ma’muriy sektor, huquqni muhofaza qilish idoralari, harbiy qismlar va keng jamoatchilik vakillari Motamsaro ona haykali poyiga alvon gulchambarlar qo‘yib, jang maydonlarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan, mustaqilligimiz yo‘lida jon fido qilgan ota-bobolarimizning bukilmas irodasi, jasorati va matonatini yod etib hurmat bajo keltirdi.
[gallery-23271]
Hujjatlarning dalolat berishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda Xorazm viloyatidan 67 ming 300 nafar kishi ishtirok etgan. Ulardan 21 ming 351 nafari eson - omon ona yurtga qaytgan. Afsuski, 31 ming 445 nafari qahramonlarcha halok bo‘lgan, 7 ming nafardan ziyodi bedarak yo‘qolgan. To‘rt muchasi sog‘lom 13 ming 211 nafar Xorazmning mard o‘g‘lonlari shafqatsiz urushdan uyiga nogiron bo‘lib qaytgan. Bugungi kunda ularning 4 nafari hayot.
Bugun avlodlar tinchligi, mamlakatimiz barqarorligi uchun jon fido qilgan insonlar xotirasi hurmat bilan yodga olinmoqda. Ayni vaqtda hayot bo‘lgan mehnat faxriylari va keksalarga ehtirom ko‘rsatilmoqda. Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar viloyatning shahar va tumanlarida, mehnat jamoalarida davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari