Xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni qanday?
Unda Toshkent shahar partiya tashkiloti aʼzolari, deputatlar hamda universitet professor-oʻqituvchi va talabalari ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi va I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali hamkorligida mamlakatimizda “Gender tengligi toʻgʻrisida” qabul qilingan qonunga asosan “Barkamol rivojlangan shaxsni shakllantirishda ayollarning roli” mavzusida konferensiya oʻtkazildi. Unda Toshkent shahar partiya tashkiloti aʼzolari, deputatlar hamda universitet professor-oʻqituvchi va talabalari ishtirok etishdi.
Maʼlumki, 2019-yilning sentyabr oyida “Ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan edi. Unga koʻra xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish koʻzda tutilgan. Xususan, jismoniy, jinsiy, iqtisodiy, psixologik zoʻravonliklardan himoya qilish qonunda aniq koʻrsatib oʻtilgan.
Taʼkidlash kerakki, mazkur qonun qabul qilinganidan soʻng xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashish borasida mamlakatimizda anchagina salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ayollar bandligini taʼminlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida jadal ishlar tashkil qilinyapti. Ularning jamiyatda faolliklarini oshirish, hayotda oʻz oʻrinlarini topib olishlariga koʻmaklashish, sogʻligini mustahkamlash sohasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. “Gender tengligi toʻgʻrisida” qabul qilingan qonun ham aynan ushbu islohotlarning yana-da samarali boʻlishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunga kelib islohotlar natijasi yaqqol koʻzga tashlanmoqdaki, mamlakatimizda yangicha amaliyot — ayollarni hokim vazifasiga tayinlash, yuqori turuvchi tashkilotlarda ularning sonini koʻpaytirish, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasidagi salmogʻi 50 foizdan ortiqni tashkil etishi va Oliy Majlis Senatiga ham ayol kishining rahbar etib tayinlangani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Konferensiya davomida partiya elektorati boʻlgan vakillar, faol aʼzolar hamda universitet olima ayollari tomonidan mavzuga doir maʼruzalari tinglandi. Yakunda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini yana kuchaytirish boʻyicha hamkorlar bilan aniq vazifalar belgilab olindi.
Mehriniso BOBONAZAROVA,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi matbuot kotibi