Xotin-qizlarining siyosiy faolligini oshirish yo‘lida
Ayol – millat kelajagi, hayot davomchisi. Har qanday xalqning ma’naviy darajasini millat ayollarining ma’naviy saviyasi belgilaydi, deb bejiz aytilmagan. Shu jihatdan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Bugun yurtimizda xotin-qizlar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini mustahkamlash, davlat boshqaruvidagi, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlashni qonunchilik doirasida mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqildi.
Gender tengligi nafaqat huquqlarning tengligini nazarda tutadi, balki erkaklar va ayollar huquqlarini amalga oshirishda teng imkoniyatlarni, shuningdek, natijalar tengligini ta’minlash orqali ularning teng maqomini o‘rnatishga qaratilgandir.
Yurtimizda bugungi kunda ayol rahbarlar – vazirlar, hokimlar, ishlab chiqarish birlashmalari, bank va kompaniyalar raislari, huquq-tartibot idoralarida mas’ul vazifalarda xizmat qilayotgan opa-singillarimiz soni ortib bormoqda.
Xususan, “Adolat” SDPdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarimizning 13 nafari (61,9 %) hamda partiyamizdan saylangan senatorlarning 3 nafarini xotin-qizlar tashkil etayotir. Xalq deputatlari hududiy Kengashlariga saylangan deputatlarning 35 nafarini (34 %), mahalliy Kengashlariga saylangan deputatlarning 219 nafarini (29,6 %) hamda partiya tizimida faoliyati yuritayotgan xodimlarning 76 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Partiyaning 2022 yildagi xotin-qizlar muammolari bilan ishlashga qaratilgan faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda “Adolat – har bir inson uchun” saylovoldi Dasturida belgilangan ustuvor vazifalar asosida tashkil etildi.
Partiya “Ayollar qanoti” yo‘nalishda 2022 yil davomida jami 3376 ta turkum tadbirlar tashkillashtirgan bo‘lib, ularda 222 mingga yaqin xotin-qizlar qamrab olindi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 3200 dan ortiq materiallar yoritildi. Amaliy harakatlar dasturida ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan xotin-qizlarning jamiyat xayotidagi rolini oshirishga qaratilgan o‘nga yaqin loyihalar doirasida partiyaning barcha darajadagi bo‘g‘inlarida davra suhbatlari, seminarlar, uchrashuvlar, konferensiyalar va o‘rganishlar o‘tkazildi.
Partiyaning hududiy Kengashlari qoshida faol va tashabbuskor xotin-qizlardan iborat “Adolatning faol ayollari” klubi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda klub a’zolari soni 4450 nafarni tashkil etmoqda, ular tomonidan yil davomida jami 721 marotaba davra-suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etildi.
Jumladan, “Xotin-qizlar o‘rtasida noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish – sog‘lom va adolatli jamiyat taraqqiyoti kafolati”, “Oila-muqaddas qo‘rg‘on”, “Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish – davr talabi”, “Fuqarolar reproduktiv salomatligini muhofaza qilish – oilalar mustahkamligi va jamiyat salomatligi garovi”, “Ilmli, ma’rifatli xotin-qizlar – mamlakat kelajagining mustahkam poydevori”, “Davlat va jamiyat rivojida xotin-qizlarning ilmli va ma’rifatli bo‘lishining tarixiy tajribasi”, “Siyosiy partiyalarda gender tengligini ta’minlash va xotin-qizlarning siyosiy partiyalar faoliyatida ishtirokini qo‘llab-quvvatlash”, “Xotin-qizlar kamsitilishiga barham beraylik!”, “Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar” kabi mavzularda deputatlar, hamkor tashkilot vakillari ishtirokida uchrashuv va davra suhbatlari tashkil qilindi.
Partiyaning “Bir adolatchi – yuz ayolga ximoyachi” loyihasi doirasida xotin-qizlarni turli xil tazyiq va zo‘ravonliklardan himoyalash maqsadida “Ayollarni zo‘ravonliklardan himoyalaymiz”, “Ayol huquqlarini ta’minlash – tenglik tamoyilining muhim omili” kabi mavzularida jami 1698 marta uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilib, 50 940 nafar xotin-qizlar bilan suhbatlar olib borildi, 956 nafariga amaliy, huquqiy yordam ko‘rsatildi. Suhbatlar davomida xotin-qizlarga “Himoya orderi”ni berish tartiblari tushuntirildi va 229 nafar ayolga partiya faollari va deputatlar ishtirokida himoya orderlari olib berishga erishildi. Kasb-hunar o‘rganishni hohlagan xotin-qizlarning 200 nafarini kasbga yo‘naltirish ishlari olib borildi.
“Adolat” SDPning joylardagi deputatlik guruhlari tomonidan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalari kun tartibiga xotin-qizlarning muammolari yuzasidan jami 65 ta masala kiritildi va yechimi bo‘yicha Kengashlar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xalq vakillari – deputatlar aralashuvi bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1301 nafar xotin-qizlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilib, ularni qiynayotgan 929 ta muammo hal etilishiga erishildi.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining muhokamalarida ham partiyaning “Ayollar qanoti” Kengashi a’zolari ishtirokida “Konstitutsiyaviy islohotlarda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida 500 dan ortiq davra suhbatlari tashkil etildi va partiyaning faol a’zolari tomonidan 800 ga yaqin takliflar berildi.
«Sog‘lom ayol — buyuk kelajak» g‘oyasini hayotga tatbiq etishga qaratilgan xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilish borasida “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida xotin-qizlar o‘rtasida 757 marotaba sport musobaqalari va marafonlar o‘tkazildi.
Partiya a’zolari bo‘lgan xotin-qizlarning 16 nafari “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti, 32 nafari turli xil davlat mukofotlari sohibalaridir.
O‘zbekiston Qahramoni Muxabbat Sharipova, boshqa Davlat mukofotlari sovrindorlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Uringul Allabergenova, Ruzibika Aitbayeva, Surxondaryo viloyatidan Sabohat Alimova, Muborak Mamadaliyeva, Toshkent shahridan Diloram Tashmuxamedova, Gulbahor Maqsudova, Mukarramxon Azimovalar shular sirasidan.
“Adolat” SDP har qanday jamiyatda xotin-qizlarning o‘rnini alohida ta’kidlab, ularning siyosiy faolligini oshirish lozimligini e’tirof etib keladi. Xotin-qizlarning munosib mehnat qilishi, qobiliyati, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, jamiyatdagi o‘rni va maqomini mustahkamlashga ko‘maklashish partiyamizning muhim vazifalaridan biridir.
Yana bir samarali loyihalardan biri - “Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida respublika miqiyosida partiyaning hududiy Kengashlari faollari va deputatlar ko‘magi bilan 1890 nafar ishsiz xotin-qizlarning ishga joylashishiga ko‘maklashildi.
Muxtasar qilib aytganda, ayollarni ardoqlash, og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini qonuniy mustaxkamlashga davlatimiz tomonidan katta ahamiyat berilmoqda. Zotan, opa-singillarimizga munosib mehnat va turmush sharoitini yaratishda faol bo‘lish, ularni ilm olishga, jamiyatda faol bo‘lishga undash nafaqat partiyalarning, balki barchamizning ham vazifamiz, ham muqaddas insoniy burchimizdir. Zero, ayol – jamiyat ko‘zgusi, millat tarbiyachisi. Ular kelajagimiz egalarining jonajon Vatanimiz ravnaqi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qiladigan barkamol insonlar sifatida voyaga yetishida muhim omil hisoblanadi.
Saidova Gulniso
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy Kengashi Markaziy apparati
Ayollar va yoshlarning siyosiy faolligini oshirish
boshqarmasi boshlig‘i