Xotin-qizlarimiz qo‘llab-quvvatlanmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ular bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda Navoiy viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ular bandligini ta’minlashga ko‘maklashib kelinmoqda. Markaz rahbari Gulsanam Norova O‘zA muxbiri bilan suhbatda quyidagilarni gapirib berdi:
– Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish va zamonaviy kasblarni o‘rgatish dolzarb masalalardan biriga aylandi. Bu vazifalarni manzilli hal qilishda davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Jumladan, 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlarida ham xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini hamda bandligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Ta’kidlash o‘rinliki, yurtimizda xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida manzilli ishlash tizimi joriy etildi. Asosiy e’tibor ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarning jamiyat va iqtisodiy hayotda faolligini oshirishga qaratildi. Birgina “Ayollar daftari” orqali so‘nggi yillarda o‘n minglab xotin-qizlarga ko‘mak berildi.
Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan 2024 yil davomida o‘qitilishi rejalashtirilgan 5372 nafar “Ayollar daftari”da turgan 1-, 2- hamda 3- toifadagi xotin-qizlarni 30 ta belgilangan yo‘nalish asosida o‘qitish belgilab olindi.

Natijada Oila va xotin-qizlar viloyat boshqarmasi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, viloyat AT Xalq banki bilan hamkorlikda 2024 yil davomida “Ayollar daftari”da turgan 6540 nafar xotin-qizlar 30 yo‘nalish bo‘yicha 60 soatlik dasturlar asosida o‘qitildi. Ularning 727 nafariga imtiyozli kredit, 486 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiyalar ajratildi. 2269 nafar xotin-qizlarimiz o‘zini o‘zi band qilgan bo‘lsa, 601 nafari mavsumiy va doimiy ishga joylashtirildi. Qolgan ayollarimizning ham bandligini ta’minlash bo‘yicha jarayonlar davom etmoqda.

Markaz huzurida “Tadbirkor ayollar” klubi tashkil etilib, 146 nafar tadbirkor ayol uchun 16 marotaba ochiq muloqotlar, 9 marotaba seminar-treninglar tashkil etildi. Bundan tashqari, 18 marotaba “Biznes sayohat” loyihasi doirasida 1713 nafar xotin-qiz qamrab olindi.
Viloyatdagi hokimliklar, mutasaddi hamkor tashkilotlar va sektorlar hamkorligida 12 marotaba o‘z faoliyatini boshlayotgan hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar uchun sayyor qabullar tashkil etilib, 216 nafar murojaatning 89 tasi ijobiy hal etildi.
Viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan bu yo‘nalishdagi amaliy ishlar davom etmoqda.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.