Xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Andijon shahridagi “Toshkent premium” tantanalar saroyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ayol borki, olam munavvar, ayol borki, hayot go‘zal va maftunkor. Inson, oila, ayol tushunchalarini bir-biridan ajralgan holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayollarni, qizlarni bahorga qiyoslashadi, bahorni esa ularga.
Go‘zallik, nafosat, yangilanish, hayot davomiyligi bahor va ayol tushunchalarida uyg‘unlashib ketadi. Tantanalar saroyiga kirib kelayotgan nuroniy onaxonlar, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojida faol hamda turli jabhalarda fidoyilik bilan mehnat qilayotgan latofatli opa-singillarimiz gullar bilan kutib olindi. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat hamda ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi.
[gallery-10850]
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin hamda mavqega ega. Viloyatning barcha tuman va shaharlarining ilg‘or vakilalari ishtirokidagi “Ayol borki olam munavvar!” deb nomlangan bayram tadbirida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning o‘rni, roli va nufuzi tobora ortib borayotganligi, opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov muhtaram opa-singillarimizni bahorning ilk go‘zal ayyomi bilan muborakbod etdi. Bayram tadbirida jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etayotgan, tashabbuskor, samarali mehnati bilan oilalarni mustahkamlashga, onalik va bolalikni muhofaza qilish ishiga munosib hissa qo‘shgan, sog‘lom avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan bir guruh ilg‘or xotin-qizlar “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni, viloyat hokimining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirning badiiy qismida taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA