Xotin-qizlar tadbirkorligi yanada rivojlanadi
Andijon shahar Oila va xotin qizlar bo‘limi tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, Xalq banki shahar bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ayollarni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish, doimiy daromad manbalarini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Bu borada olib borilayotgan ishlar ijobiy samaralar bermoqda, – deydi Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Dehqonova. – Ko‘plab opa-singillarimiz bank krediti hisobiga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Hamkorlik doirasida xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini ta’minlash borasidagi ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida 2 ming 275 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Jumladan, opa-singillarimizning 560 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 261 nafari vaqtinchalik (jamoat) ishlariga jalb etildi, 1 ming 508 nafari esa kasb-hunarga o‘qitildi.
[gallery-20362]
Bugungi kunda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, kasb-hunarga o‘qitilgan xotin-qizlarning 617 nafari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi, 555 nafari Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, 336 nafari Andijon shahridagi “Sabr” o‘quv markazi, 260 nafari Savdo sanoat palatasi shahar bo‘limi tomonidan o‘qitildi.
Kasb-hunar egallagan opa-singillarimizning 243 nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi, 50 nafariga inkubatsiya uskunalari olib berildi. Natijada 300 nafarga yaqin xotin-qiz o‘z xonadonida tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, 5 ming 98 nafar xotin-qiz turli yo‘nalishlarda ish boshlab, o‘zini-o‘zi band qildi.
Xalq banki Andijon shahar bo‘limi tomonidan 717 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ularga imtiyozli kreditlar ajratildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari