Xotin-qizlar muammolari doimo e’tiborda
Sirdaryoda Prezidentimizning 2019 yil 8 noyabrdagi "Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida"gi qarori va unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida ixtisoslashtirilgan ginekologiya yordamini aholiga yanada yaqinlashtirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash maqsadida bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu ishlarning uzviy davomi sifatida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi perinatal markazlari malakali ginekologlari va boshqa tor soha mutaxassislari hamrohligida Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi Sirdaryo viloyat filiali yetakchi mutaxassislari tomonidan hududlarda reproduktiv yoshdagi xotin-qizlar, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, homiladorlar ayollarga yordam ko‘rsatish maqsadida tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda.

Oqoltin tumanining “Bo‘stonliq” mahallasi hududidagi Usmon Nosir nomidagi oilaviy shifokorlik punktida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda ham shu toifadagi ayollar qatnashdi. Unda markaz xodimlari, akusher-ginekolog, onko-ginekolog kabi tor soha mutaxassislari reproduktiv yoshdagi xotin-qizlarning ko‘plab muammolariga yechim izladi.
– O‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda o‘sha hududda istiqomat qilayotgan 100 ga yaqin homiladorlar, nogiron ayollar qamrab olindi, –deydi Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi Sirdaryo viloyati filiali rahbari, akusher-ginekolog Sayyora Boboyeva. – Homilador ayollarga tug‘uruq oldi inson tanasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan patologik o‘zgarishlar bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berildi. Kasallik aniqlanganlarga viloyat shifoxonasiga yo‘llanma berildi. Bundan tashqari, tug‘uruqlar oralig‘ini saqlash maqsadida 20 dan ortiq ayollarga “BIV” kontratsepsiya vositalari qo‘yildi. 15 dan ortiq ayollarimizga esa terapevtlar tomonidan maslahat berildi.

Shu bilan birga tibbiy ko‘rik davomida aholi vakillari bo‘lmish, xotin-qizlarga soha mutaxassislari tomonidan sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni to‘g‘ri shakllantirish, “Zamonaviy kontratsepsiya usullaridan to‘g‘ri foydalanish”, “Tug‘ruqlar oralig‘ini saqlashning ahamiyati”, “Klimakterik davri” mavzularida tushuntirish va targ‘ibot ishlari o‘tkazildi.
Bu kabi tibbiy ko‘rik va targ‘ibot tadbirlari viloyatning boshqa tuman va shaharlarida o‘tkazilmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA.