Xotin-qizlar bilan yangicha ishlash qo‘shma dasturi
Andijon viloyati hokimligi hamda ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 2022 yilda xotin-qizlar bilan yangicha ishlash bo‘yicha qo‘shma dastur imzolandi.
Xotin-qizlar bilan yangicha ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy, ruhiy muhit barqarorligini mustahkamlash, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlikka sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan qo‘shma dasturda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatning tuman va shaharlarida keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xonobod shahridagi targ‘ibot tadbirlari oldidan o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mutasaddilari, qo‘shma dastur asosida tuzilgan ishchi guruh a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining o‘rinbosarlari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda qo‘shma dastur mazmun-mohiyati, mahallalarda targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish, aholining muammoli qatlamlari bilan ishlash yuzasidan ishtirokchilarga keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.
– Maqsadimiz opa-singillarimizni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, ularni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, oilalarni mustahkamlash, oiladagi, mahalladagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish, – deydi Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Gulnoraxon Abduvohidova. – Qolaversa, xotin-qizlar, xususan, aholining muammoli qatlami vakillarining huquqiy bilim va savodxonligini yuksaltirish, umuman, ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish, ijobiy natijalarga erishish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda qo‘shma dastur doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, bu boradagi ishlarni samarali amalga oshirish yuzasidan ishtirokchilar tomonidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Shundan so‘ng Xonobod shahrining turli mahallalarida istiqomat qilayotgan nizoli oilalar vakillari, jinoyatchilik va huquqbuzarlik sodir etishga moyil xotin-qizlar ishtirokida suhbatlar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA