Xotin-qizlar bandligi – ustuvor vazifa
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyati Xovos tumanida ham xotin-qizlarni iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan har bir maqsad va uni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar fuqarolarning, ayniqsa xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilash, imkoniyatlarini kengaytirish, bandligini ta’minlash, ularning farovon hayot kechirishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning joriy yil 7 martdagi “Xotin-qizlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ham xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida ham mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu qarorda 2024-2025 yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagani bildirgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.
Tumanimizda har bir mahalla kesimida tashabbuskor xotin-qizlarning biznes loyihalarini ishlab chiqish, mahallalarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, kooperatsiya asosida loyihalarni amalga oshirish va albatta uchrashuvlar tashkil etish kabi bir qator samarali ishlar tashkil qilinmoqda.
Dasturni shakllantirish unga kiritilgan loyihalarga kredit mablag‘lari ajratish bo‘yicha tumanda 355 nafar xotin-qizga qariyb 4 milliard 500 million so‘m AT “Xalq banki”, ATB “Mikrokreditbank” hamda ATB “Biznesni rivojlantirish banki”ga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirildi. Tumanimizda 1,5 ming xotin-qizning kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kun holatida 782 nafar xotin-qizga mazkur bilim ko‘nikmalari to‘liq va mukammal tarzda berilgani tahsinga loyiq.
Sabohat Babayeva,
Xovos tumani hokimi o‘rinbosari,
Oila va xotin-qizlar bo‘limi
boshlig‘i
O‘zA