“Xospis” – dalda, umid, mehr va davo maskani
Xorazm viloyatida 50 o‘ringa mo‘ljallangan mintaqalararo “xospis” davo maskani ochildi.
Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash tizimida bosqichma-bosqich takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni davolash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 4 apreldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohadagi muamolar yechimini topishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Xonqada 12 yildan buyon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 20 o‘ringa mo‘ljallangan xospis tibbiy-ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan onkologik kasallikka chalingan bemorlar uchun faoliyat yuritib kelayotgan edi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida muassasa bazasida yana 30 o‘rinli bino qurildi hamda mintaqalararo xospis bo‘limiga aylantirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyatda onkologiya xizmatini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mazkur davo maskanida bemorlar salomatligini tiklashi, o‘zini yaxshi his etishi uchun shifokoru hamshiralar bor malakasini namoyon etishi kerakligi ta’kidlandi.
– Onkologik kasalliklar nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo miqiyosida murakkab muammolardan biri bo‘lib kelmoqda, – deydi Respublika ixtisolashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Xorazm viloyat filiali direktori Tohirjon Polvonov. – Yaqinda viloyatimizga Chexiya Respublikasida ishlab chiqarilgan “Terabalt” masofadan turib boshqariladigan nur terapiyasi o‘tkazishga mo‘ljallangan uskuna olib kelib o‘rnatildi va filialimizda “Radiologiya” bo‘limi ham ochildi. Yangi texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash, ayniqsa, nur terapiyasi o‘tkaziladigan bemorlar kontingentining ortishi, ularning hayot sifati va davolash natijalarining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar tadbir davomida muassasada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, afsuski, ushbu maskanga keluvchilarning ko‘pchiligi og‘ir holatda bo‘ladi. Ularga kecha-yu kunduz alohida g‘amxo‘rlik qilinishi kerak bo‘ladi. Har bir bemorga alohida xona ajratilgan bo‘lib, zaruriy sharoit yaratilgan. Parhez taomlar o‘z vaqtida beriladi. Muassasa xodimlari tomonidan bemorlarning o‘zini va yotog‘ini ozoda saqlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, muassasada davolanuvchilarning madaniy va ma’naviy hordiq chiqarishi uchun ham imkoniyatlar mavjud.
Eng muhimi, dori-darmon va barcha xarajatlar uchun davlatimiz byudjetidan mablag‘ ajratilib, bitta bemorga 10 kundan bir necha yilgacha bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi mumkin.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA