Xorijlik talabalar o‘zbekcha so‘zlaganda (+video)
Yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida xorijlik 6 ming 900 nafar talaba tahsil oladi. Ularning o‘zbek tilini chuqur o‘rganishlari uchun oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili markazlari tashkil qilingan.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida faoliyat yuritayotgan o‘zbek tili markazida ham xorijlik talabalar ixtiyoriy ravishda o‘zbek tili tarixi, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha bilimlarini oshirmoqda.
Ona tilimizni chuqur hurmat va qunt bilan o‘rganayotgan xorijlik talabalar bilan suhbatlashish jarayonida ularning yurtimiz tarixi, madaniyati, adabiyoti va san’atiga qiziqishlari o‘zgacha ekaniga guvoh bo‘ldik.
Rukavote Nabe ismli yaponiyalik talaba Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘qiydi. Do‘stlari uni Rustam deb chaqiradi. Rukavote Nabe o‘ziga ham bu ism yoqqanini mamnuniyat bilan ta’kidlaydi.
– Menga o‘zbek tili juda yoqadi, – deydi u. – Maktabdagi ustozim O‘zbekiston haqida ko‘p gapirar edi. Yoshligimda Samarqand, Buxoro kabi shaharlarni borib ko‘rishni orzu qilganman. Men yurtingizga o‘zbek tili madaniyati, tarixini o‘rgangani keldim. Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi yozuvchi hamda shoirlarning asarlarini o‘qish orqali bu tilni yaxshiroq o‘rganyapman.
Janubiy koreyalik Mi Xua Kom esa Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi. Kursdoshlari unga Jasur deb murojaat qiladi.
– Koreys hamda o‘zbek tillari grammatikasi o‘rtasida o‘xshashlik bo‘lgani tufayli o‘zbek tilini ancha osonroq o‘rgandim, – deydi u.
Mi Xua Komning ayniqsa, o‘zbekning zabardast shoiri Erkin Vohidov ijodiga qiziqishi o‘zgacha, u shoirning bir nechta she’rlarini yod olib, aytib yuradi.
– Til insonlarning bir-biriga bo‘lgan ishonchini oshiradi, do‘stlik aloqalarini mustahkamlaydi. Koreyalik do‘stlarim, yaqinlarim bilan qo‘ng‘iroqlashganda ularga eng avvalo, yodlagan she’rlarimdan aytib beraman. Jim turib eshitishadi, – deydi Mi Xua Kom. – Barchangizni o‘zbek tili bayrami bilan tabriklayman!
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/37P5f-3gGCw?si=HnpDydMvTjalmZny" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, B. Xalilov (video), O‘zA