Xorijiy yetakchilar O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan qutlovlar yo‘llamoqda
Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, parlamentlar hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmon doiralar vakillari, taniqli siyosat, jamoat va din arboblaridan tabrik maktublari kelmoqda.
Xorijlik hamkorlar o‘z maktublarida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligini yuksaltirish borasida erishilgan natijalarni qayd etmoqda. Mamlakatimizning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi faol roli, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni hal etishdagi konstruktiv ishtiroki alohida ta’kidlanmoqda.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlik izchil kengayib borayotgani yuksak baholanmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti va mamlakatimizning ko‘p millatli xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilmoqda. Maktub mualliflari do‘stlik munosabatlari va o‘zaro manfaatli sheriklik bundan buyon ham mustahkamlanib borishiga ishonch bildirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yo‘lidan ishonch bilan bormoqda hamda jahon maydonida haqli ravishda yuksak nufuzga ega.
Rossiya – O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik xususiyatiga ega. Moskva va Toshkent o‘rtasida barcha asosiy yo‘nalishlarda sermahsul sheriklik, xalqaro masalalarda samarali o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Rossiya va O‘zbekiston do‘st xalqlari manfaatlari yo‘lida, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida sheriklik aloqalarining butun majmuini yanada kengaytirishni ta’minlaymiz.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, barcha vatandoshlaringizga esa baxt-saodat va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Janoblari!
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sizga va do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim hamda eng ezgu tilaklarimni izhor etmoqchiman!
O‘tgan 35 yil davomida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. Yangi davrdagi do‘st qo‘shni va har qanday sharoitdagi har tomonlama strategik sherik sifatida Xitoy tomoni bundan samimiy mamnun.
O‘tgan yili biz Siz bilan ikki bor uchrashib, Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishning yangi rejalarini belgilab oldik. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga alohida e’tibor qarataman va ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida Xitoy – O‘zbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishni ilgari surish borasida Siz bilan birgalikda sa’y-harakat qilishga tayyorman.
Mamlakatingizga ravnaq va farovonlik, O‘zbekiston xalqiga esa baxt-saodat, tinchlik va osoyishtalik tilayman!
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Amerika xalqi nomidan Sizga va O‘zbekiston xalqiga mamlakatingiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tilaklarimni yo‘llayman. Ushbu shonli sana O‘zbekistonning boy tarixi va yuksak madaniyatini yana bir bor yodga olish uchun muhim va ayni muddao bo‘lgan fursatdir.
O‘zbekiston muhim va manzilli islohotlarni amalga oshirayotgani sari strategik sherikligimiz ham izchil ravishda kengayib, rivojlanib bormoqda. O‘tgan yil davomida biz umumiy manfaatlarimizni ilgari surish, jumladan, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash, ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni oshirish, energetika sohasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda mintaqaviy bog‘liqlikni kengaytirish yo‘lida salmoqli ishlarni amalga oshirdik.
Qo‘shma Shtatlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganar ekan, ikki tomonlama munosabatlarimizni yanada mustahkamlashdan umidvordir. Mustaqillik bayramini nishonlar ekansiz, Sizga va O‘zbekiston xalqiga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Hurmat ila,
Donald Tramp,
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qozog‘iston xalqi nomidan Sizni va qardosh O‘zbekistonni Mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Mamlakatingizning suveren taraqqiyoti tarixidagi ushbu qutlug‘ sana haqli ravishda o‘zbek xalqining alohida faxr-iftixori hisoblanadi. U millat birligi va jipsligini, barqaror o‘sish va taraqqiyot sari ishonchli harakatni ifoda etadi.
Yurtingizning davlatchilik asoslarini mustahkamlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash va xalqaro maydonda o‘z nufuzini qaror toptirish borasidagi ulkan yutuqlari aslida Sizning Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan oqilona va uzoqni ko‘zlagan strategiyangiz tufayli amalga oshmoqda.
Qozog‘istonda qardosh O‘zbekistonning barcha yutuqlari samimiy quvonch bilan qabul qilinadi. Biz xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi va o‘zaro ko‘magini yuksak qadrlaymiz. Ko‘p qirrali hamkorligimiz misli ko‘rilmagan yuksak darajada rivojlanib, strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga to‘la mos kelmoqda.
Ishonchim komilki, kelgusidagi birgalikdagi ishlarimiz erishilgan natijalarni yanada ko‘paytirish va Qozog‘iston – O‘zbekiston hamkorligini davlatlarimiz ravnaqi yo‘lida yangi cho‘qqilarga olib chiqish imkonini beradi.
Ushbu tantanali kunda, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mas’uliyatli davlat faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni va qardosh O‘zbekiston Respublikasi xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Sizning oqilona rahbarligingizda O‘zbekiston chuqur tarkibiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlarini ta’minlamoqda va xalq turmush darajasini oshirishda salmoqli natijalarga erishmoqda.
Bugungi kunda Qirg‘iziston – O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilikning yuksak darajasiga yetdi. Sizning yaqinda Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifingiz tarixiy voqea bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida chegara masalalari hal etildi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik esa sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bularning barchasi, mening fikrimcha, xalqlarimizning tarixiy va ma’naviy yaqinligi, shuningdek, qardosh davlatlarimiz o‘rtasidagi yuksak ishonch samarasidir.
Kelishilgan muddatda O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifini amalga oshirish va Qirg‘iziston – O‘zbekiston sherikligini yanada mustahkamlash imkoniyatini mamnuniyat bilan kutaman.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘liq, farovonlik va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasi xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Aziz Shavkat Miromonovich!
Tojik xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizga hamda do‘st O‘zbekistonning birodar xalqiga mamlakat milliy bayrami – Mustaqillik kunining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarimizni yo‘llash menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida taraqqiyot va ravnaq yo‘lida erishgan yutuqlari ko‘lami, shuningdek, uning jahon maydonidagi nufuzi yuksalishi mislsiz va tahsinga sazovor.
Biz tashqi siyosatimizdagi ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolayotgan eng yaqin qo‘shnimizning ushbu yutuqlaridan samimiy quvonamiz.
Tojikistonda mustahkam tarixiy do‘stlik va o‘zaro anglashuv an’analariga asoslangan, vaqt sinovidan o‘tgan iliq va mazmunli Tojikiston – O‘zbekiston munosabatlari yuksak qadrlanadi va ularga katta ahamiyat beriladi.
Biz barcha hamkorlik sohalaridagi ikki tomonlama munosabatlarning konstruktiv muhiti, albatta, ikki qardosh xalqning tub manfaatlariga javob beradigan o‘zaro manfaatli sherikligimizning jadal rivojlanishidan mamnunmiz.
Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama munosabatlarimizda mavjud ulkan salohiyatdan to‘liq foydalangan holda strategik sheriklik va ittifoqchilikni bundan buyon ham mustahkamlab boramiz.
O‘z tomonimizdan bu yo‘nalishda barcha zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyormiz.
Ushbu qutlug‘ kunda Sizga, aziz Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, farovonlik va barcha ishlaringizda yangi muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekistonning birodar xalqiga esa tinchlik, farovonlik va bardavom taraqqiyot tilayman.
Yuksak hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Turkmaniston xalqi va Hukumati hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga va Siz orqali O‘zbekiston Respublikasining butun qardosh xalqiga mamlakatingiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarimni yo‘llash sharafiga muyassarman.
Mustaqil taraqqiyot yillarida O‘zbekiston Respublikasi davlatchilikni mustahkamlash, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi.
Hozirgi vaqtda yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro ko‘mak tamoyillariga asoslangan Turkmaniston – O‘zbekiston munosabatlari tobora jadal va izchil tus olib, yuksak o‘zaro ishonch, teng huquqlilik va ochiqlik bilan ajralib turayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. Strategik xususiyatga ega Turkmaniston – O‘zbekiston qardoshlik munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan xalqlarimiz manfaati yo‘lida bundan buyon ham rivojlanib, chuqurlashib borishiga qat’iy ishonaman.
Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va farovonlik, O‘zbekiston Respublikasining qardosh xalqiga esa tinchlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Serdar Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Aziz birodarim!
Shaxsan o‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizga hamda Siz orqali qardosh xalqingizga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining qutlug‘ 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan mamnunman.
Mustaqillikka erishilganidan keyingi davrda qardosh O‘zbekiston har tomonlama va jadal taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi, ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, xalqaro maydonda va mintaqada yuksak nufuz va hurmat qozondi.
Sizning oqilona rahbarligingiz va strategik qarashlaringiz tufayli mamlakatingizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, iqtisodiy taraqqiyotga erishildi, aholi ijtimoiy farovonligi ta’minlandi.
O‘zbekistonning belgilangan maqsad va vazifalarga erishishi, barcha muvaffaqiyatlari zamirida Sizning tinimsiz mehnatingiz, shuningdek, xalqingizning Sizga bo‘lgan yuksak ishonchi va olib borayotgan qat’iy davlat siyosatingizni qo‘llab-quvvatlashi mujassam. Qardosh mamlakat va ittifoqchi sifatida biz O‘zbekistonning har bir yutug‘ini o‘z yutug‘imiz deb bilamiz hamda bundan faxrlanamiz. Har gal betakror va mehmondo‘st mamlakatingizga tashrif buyurganimda, O‘zbekistonning muhim yutuqlariga guvoh bo‘laman. Qardosh mamlakatga yaqinda amalga oshirgan davlat tashrifim va Siz bilan uchrashuvimni eng yoqimli taassurotlar bilan eslayman.
Mushtarak tarixiy-madaniy rishtalar, buzilmas do‘stlik va qardoshlik asosida qurilgan Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlari bugun o‘zining eng yuksak cho‘qqisida. O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarimizni bundan buyon ham har tomonlama rivojlantirish va chuqurlashtirish biz uchun ustuvor masalalardan biridir.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida davlatlararo aloqalarimiz va ittifoqchiligimiz kundan-kunga yanada mustahkamlanib, ko‘p qirrali hamkorligimiz yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotganidan mamnunman.
Ishonchim komilki, biz bundan buyon ham eng katta boyligimiz bo‘lgan Ozarbayjon – O‘zbekiston birligini asrab-avaylash, har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va ittifoqchiligimizni izchil mustahkamlash borasida zimmamizga yuklangan sharafli vazifani birgalikda muvaffaqiyatli ado etishda davom etamiz.
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Ushbu tarixiy kunda Sizning va qardosh O‘zbekiston xalqining quvonchini baham ko‘rib, Sizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, oliy davlat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasiga esa barqaror farovonlik, ravnaq va taraqqiyot tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim!
O‘zbekistonning Mustaqillik bayrami munosabati bilan Siz Oliy Janoblari va Siz orqali qardosh o‘zbek xalqini eng samimiy tilaklarim bilan muborakbod etaman.
Strategik sherigimiz O‘zbekistonning mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 35 yil ichida, xususan, so‘nggi yillarda Sizning oqilona rahbarligingizda erishgan yutuqlari va xalqaro miqyosda qozongan obro‘-e’tiboridan biz ham faxrlanamiz.
Siz Janobi Oliylarining katta hissangiz va sa’y-harakatlaringiz bilan yaqin hamkorligimiz ham ikki tomonlama, ham, avvalo, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama xalqaro platformalarda kengayib, tobora rivojlanayotganini ko‘rish quvontiradi. 2026-yil 29-yanvar kuni Turkiyada o‘tkazilgan Turkiya – O‘zbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yig‘ilishi mustahkam sherikligimizning muhim natijasidir.
Shuningdek, Anqarada 2026-yil 29-30-oktabr kunlari o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti va Antaliyada 2026-yil 11-12-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan COP31 rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi doirasida Siz, aziz birodarimni mamlakatimizda kutib olishdan mamnun bo‘laman.
Shu fursatdan foydalanib, O‘zbekistonning Mustaqillik bayrami munosabati bilan yana bir bor tabriklab, Siz Janobi Oliylariga sog‘liq va baxt, do‘st va qardosh o‘zbek xalqiga omonlik va farovonlik tilab, eng ezgu niyatlarimni takror izhor etaman.
Rejep Tayyip Erdog‘an,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni va O‘zbekiston xalqini O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklayman.
O‘tgan yillar davomida mamlakat suverenitetni mustahkamlashda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Siz olib borayotgan siyosiy yo‘lning to‘g‘ri va samarali ekanidan davlatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, fuqarolar farovonligining yuksalishi va respublikaning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani dalolat beradi.
Minsk va Toshkent o‘rtasidagi buzilmas do‘stlik va o‘zaro ishonch strategik sheriklik ruhidagi ko‘p qirrali Belarus – O‘zbekiston hamkorligini chuqurlashtirish va kengaytirishning bundan buyon ham mustahkam garovi bo‘lishiga ishonaman.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va mas’uliyatli davlat lavozimida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston aholisiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Aleksandr Lukashenko,
Belarus Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni munosabati bilan Misr xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Siz Janobi Oliylariga va do‘st o‘zbek xalqiga samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni yo‘llashdan behad mamnunman.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi munosabatlarning yuksak darajasini alohida ta’kidlayman. Xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida turli sohalardagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun qator masalalar bo‘yicha muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyorligimni yana bir bor tasdiqlayman.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari, Sizga baxt-saodat va muvaffaqiyat hamda do‘st O‘zbekiston xalqiga doimiy farovonlik va ravnaq tilab qolaman.
Eng yuksak ehtirom bilan,
Abdulfattoh as-Sisi,
Misr Arab Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Bismillohir rahmonir rahim.
Mamlakatingizning Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini, shuningdek, O‘zbekiston Hukumatini hamda do‘st va birodar xalqini chin yurakdan tabriklayman.
Chuqur tarixiy-madaniy va sivilizatsion bog‘liqliklarga ega bo‘lgan Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi doimo o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslangan aloqalarni amalga oshirib kelganlar.
Aminmanki, o‘zaro yaqin maslahatlashuvlarni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik yanada rivojlanib, savdo, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, texnologiyalar, turizm, ilmiy va madaniy almashuv sohalaridagi mavjud keng salohiyat ikki xalqning o‘zaro manfaatlarini ta’minlash hamda mintaqada barqarorlik, farovonlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida yanada ko‘proq ro‘yobga chiqariladi.
Eron Islom Respublikasi O‘zbekiston Respublikasini Markaziy Osiyodagi muhim va ishonchli sherik deb biladi hamda o‘zaro aloqalarni har tomonlama chuqurlashtirish, ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro darajalardagi hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan azmu qarorini ta’kidlaydi.
Qodir Egamdan Siz Janobi Oliylariga sog‘liq va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasining do‘st va birodar xalqiga esa doimiy obro‘-e’tibor, shon-sharaf, taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Mas’ud Pezeshkiyon,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni munosabati bilan Pokiston xalqi va Hukumati hamda shaxsan o‘z nomimdan samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Pokiston e’tiqodimiz mushtarakligi, chuqur tarixiy rishtalar va abadiy madaniy yaqinlikka asoslangan O‘zbekiston bilan qardoshlik munosabatlariga katta ahamiyat beradi.
Siz Janobi Oliylarining joriy yil boshida Pokistonga amalga oshirgan unutilmas va samarali tashrifingizni mamnuniyat bilan eslayman. Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi doirasida o‘tkazilgan samarali muzokaralar va erishilgan kelishuvlar savdo, investitsiyalar, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, energetika, ta’lim, turizm va xalqlarimiz o‘rtasidagi almashinuv sohalaridagi hamkorligimizga yangi sur’at bag‘ishladi.
Siz Janobi Oliylariga Pokistonning O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali strategik sheriklikni o‘zaro manfaatli barcha sohalarda doimiy hamkorlik va yaqin muvofiqlashuv orqali yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ravnaq tilab, samimiy duolar qilaman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Shahboz Sharif,
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev, qadrli do‘stim!
Yevropa Ittifoqi nomidan Sizga va O‘zbekiston xalqiga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni yo‘llashga ijozat bergaysiz.
Ushbu muhim sana O‘zbekiston erishgan yutuqlar va uning xalqi orzu-intilishlarini tarannum etish uchun alohida fursatdir. So‘nggi yillarda mamlakatingiz mintaqadagi eng jadal va tez sur’atlarda rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylanib, Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, farovonlik va hamkorlikni kengaytirishda tobora muhim o‘rin egallamoqda.
Ushbu ulkan o‘zgarishlarda Sizning shaxsiy rahbarligingiz muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini ta’minlash borasidagi qat’iy sa’y-harakatlaringizni, shuningdek, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va “yashil” taraqqiyotga o‘tish bo‘yicha global sa’y-harakatlarga qo‘shayotgan konstruktiv hissangizni yuksak qadrlayman.
2025-yil aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan tarixiy birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti doirasidagi ilk uchrashuvimizni alohida iliq xotiralar bilan eslayman. Aynan ushbu sammitda munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tardik. Shuningdek, 2025-yil oktabr oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvimiz va Yevropa Ittifoqi hamda O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganini katta mamnuniyat bilan yodga olaman. Mazkur bitimning 2026-yil mart oyidan vaqtincha qo‘llanila boshlanishi mustahkam sherikligimizga yangi sur’at bag‘ishlab, barqaror o‘zaro bog‘liqlik, muhim xomashyo resurslari, “yashil” energetika va raqamlashtirish sohalarida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Strategik sherikligimizni yanada chuqurlashtirish, tinch, farovon va barqaror Markaziy Osiyo hamda Yevropa haqidagi mushtarak qarashlarimizni ro‘yobga chiqarish yo‘lida Siz bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishni intiqlik bilan kutaman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni hamda O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik bardavom bo‘lishi yo‘lidagi eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.
Antoniu Koshta,
Yevropa Kengashi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Janoblari!
Qadrli Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 35 yilligini nishonlayotgan ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga o‘zimning eng samimiy tabriklarimni, xalqingizga esa farovonlik va ravnaq tilaklarimni yo‘llashdan mamnunman.
O‘zaro tashriflarimiz davomi sifatida Fransiya O‘zbekiston bilan energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va shahar infratuzilmasi kabi muhim ahamiyatga ega sohalarda ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida yelkadosh bo‘lib kelmoqda.
Siz bilan hamkorligimizning sur’ati va ko‘lamini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashga qat’iy qaror qilganman. Shu munosabat bilan joriy yilda o‘zining bir yilligini nishonlayotgan strategik sherikligimizning amaliy ifodasini mamnuniyat bilan olqishlayman.
Siz jahon miqyosida e’tirof etilgan buyuk astronomlar Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘beklarning faoliyatining uzviy davomi sifatida kosmik dasturni rivojlantirishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladingiz. Ushbu tarixni Siz bilan birgalikda davom ettirish maqsadida joriy yilning 9-10-sentabr kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan koinot masalalariga bag‘ishlangan xalqaro sammit doirasida Siz bilan ko‘rishish sharafiga muyassar bo‘lishdan umidvorman.
Muhtaram Prezident Janoblari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilishingizni so‘rayman.
Samimiy do‘stona tilaklar bilan,
Emmanuel Makron,
Fransiya Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va o‘zbek xalqiga samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Meni hamda delegatsiyam a’zolarini samimiy qabul qilganingiz uchun Sizga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman. Siz bilan bo‘lib o‘tgan ochiq va konstruktiv fikr almashinuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yanada chuqurlashuviga muhim hissa qo‘shdi.
Sizning rahbarligingizda olib borilayotgan islohotlar siyosatida Sizga kelgusida ham katta muvaffaqiyatlar tilayman va ishontirib aytamanki, Germaniya bu borada kelajakda ham Sizga sheriklarcha hamrohlik qiladi.
Sizga eng ezgu tilaklarimni yo‘llagan holda, o‘zbek xalqiga erkinlik, xavfsizlik va farovonlikda osoyishta kelajak tilayman.
Frank-Valter Shtaynmayyer,
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilinganining 35 yilligi munosabati bilan Siz, muhtaram Prezident Janoblari, va do‘st o‘zbek xalqiga eng samimiy tabriklarim hamda ezgu tilaklarimni yo‘llashdan mamnunman.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik tarixiy do‘stlik rishtalariga tayangan holda turli yo‘nalishlarda izchil rivojlanib, oliy darajadagi siyosiy muloqot imkoniyatlarining kengayishi tufayli yangi sur’at kasb etmoqda.
Mintaqaviy hamkorlik ham, shubhasiz, Toshkent va Rim o‘rtasidagi yuksak darajadagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shu munosabat bilan o‘zaro muloqotni chuqurlashtirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishning muhim vositasi bo‘lgan “Italiya – Markaziy Osiyo” formati doirasidagi kelgusi ishlarga muvaffaqiyat tilayman.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning izchil mustahkamlanib borayotgani ham xizmat qiladi. Yaqinda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi buning yorqin tasdig‘idir.
Shu ezgu tilaklar bilan, muhtaram Prezident Janoblari, ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan Sizga va O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga yana bir bor eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Serjo Mattarella,
Italiya Respublikasi Prezidenti
* * *
Shuningdek, quyidagilar o‘z qutlovlarini yo‘lladi:
Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,
Ozarbayjon Respublikasining Birinchi vitse-prezidenti Mehriban Aliyeva,
Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan,
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud,
Malayziya Podshohi Sulton Ibrohim,
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim,
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident devoni raisi Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,
Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich,
Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs-Musar,
Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini,
Latviya Respublikasi Prezidenti Edgars Rinkevichs,
Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay,
Bolgariya Respublikasi Prezidenti Iliyana Yotova,
Avstriya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Van der Bellen,
Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Gi Parmelen,
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Charlz III,
Shvetsiya Qiroli Karl XVI Gustav,
Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandr,
Rim-katolik cherkovi rahbari Lev XIV,
San-Marino Respublikasi kapitan-regentlari Aliche Mina va Vladimiro Selva,
Yaponiya Imperatori Naruxito,
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux,
Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti To Lam,
Singapur Respublikasi Prezidenti Tarman Shanmugaratnam,
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun,
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,
Mavritaniya Respublikasi Prezidenti Muhammad ash-Shayx al-G‘azvoniy,
Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Asad Majid Xon,
Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha,
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Anda Filip,
YUNESKO Bosh direktori Holid al-Ananiy,
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze,
“Markaziy Osiyo – Xitoy” formati Bosh kotibi Sun Veydun,
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati Raisi Bakitjan Sagintayev,
SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev,
Xalqaro migratsiya tashkiloti Bosh direktori Emi Poup,
Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Senati a’zosi Stiv Deyns,
Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi a’zolari Kerol Miller, Jo Vilson, Don Bekon, Ronni Linn Jekson, Ron Estes, Brayan Mast, Adam Smit va Ami Bera,
Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, O‘zbekiston madaniyati elchisi Gunay Afandiyeva.
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.