Xorijiy tillarni o‘rganish: islohotlar samarasini bermoqda
Yurtimizda xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, o‘qituvchi va yoshlarni xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan 2021 yil 6 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim muassasalarida chet tillarni o‘qitish sifatini yanada rivojlantirish yo‘lidagi juda dolzarb va muhim masalalar muhokama qilinib, xorijiy tillarni o‘qituvchi pedagoglarning aksariyati malaka sertifikatlariga ega emasligi ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Davlatimiz rahbari sohadagi mavjud yutuq va kamchiliklar xususida to‘xtalib, xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha yangi tizimning mustahkam poydevorini yaratish zarurligini ta’kidlagan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligini tashkil etish topshirig‘ini bergan edi.

Natijada Prezidentning 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etildi.
Ayni paytda agentlikning Navoiy viloyat hududiy vakilligi faoliyat ko‘rsatib, o‘tgan davr mobaynida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Agentlik va Navoiy viloyati hokimligi kelishuvida “Yo‘l xaritasi” tuzilgan bo‘lib, unga muvofiq 14 ta hamkorlik memorandumi imzolandi, 16 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 2 mingdan ortiq xorijiy tillarni o‘rganuvchilar qamrab olindi.

– Viloyat miqyosida 63 nafar mobil trenerlar tayyorlandi, – deydi Navoiy viloyati hududiy vakilligi boshlig‘i Vazira Azimova. – Ushbu trenerlar hududdagi toifa attestatsiyasida past ko‘rsatkich ko‘rsatgan xorijiy til o‘qituvchilari bilan intensiv kurslarda treninglar tashkil etdi. Treninglar yakunida xalqaro tan olingan til bilish darajasi sertifikatlari uchun bir necha marta bepul Mock Exam lar tashkil etilib, natijada sertifikatlanganlik darajasi viloyat miqyosida oshdi. Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan, xalqaro va unga mos darajadagi milliy sertifikatlarga ega respublikadagi ingliz tili o‘qituvchilarining 2021 yil iyun-dekabr oylari holati bo‘yicha reyting shakllantirildi. Ushbu reytingga muvofiq bugungi kunda Navoiy viloyati birinchi o‘rinda bo‘lib, xalqaro sertifikatlarga egalik darajasi 30 foiz, xalqaro darajaga tenglashtirilgan milliy sertifikatga egalik darajasi bo‘yicha 68 foizni tashkil etmoqda.

Agentlikning Navoiy viloyati hududiy vakilligi tashabbusi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan Navoiy davlat pedagogika instituti professor o‘qituvchilari hamkorligida Intensive Professional Development Center tashkil etildi. Unda xalqaro TKT (Teaching Knowledge Test) testlariga tayyorlov treninglari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, xalq ta’limi tizimidagi barcha hududlarda faoliyat yuritib borayotgan mobil guruhlar trenerlari uchun Britaniya Konsulligi tomonidan ishlab chiqilgan Road to IELTS dasturidan foydalanish uchun hamkorlik dasturi doirasida 1,5 million so‘mlik vaucherlar bepul taqdim etildi. Shu bilan birga Kembridj Assesment tomonidan tashkillashtirilgan yuz nafar xorijiy til fan o‘qituvchilari uchun Pritesting test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

– Agentlikning Navoiy hududiy vakilligi va Koreya Respublikasi elchixonasi qoshidagi Koreya Respublika ta’lim markazi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot davomida hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar to‘g‘risida rejalar tuzib olindi, – deydi Vazira Azimova. – Koreys tilini rivojlantirish bo‘yicha taklif va maslahatlardan so‘ng Navoiy hududiy vakillik kutubxonasi va ko‘rish imkoniyati cheklangan bolajonlar uchun koreys tili va madaniyati ifodalangan, sur’atlarga boy kitoblar, darsliklar, lug‘atlar, mashq daftarlari, turli tarixiy adabiyotlar sovg‘a tariqasida taqdim etildi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalariga “Kitob xayriya” loyihasi asosida 14 ta maktabgacha ta’lim muassasalariga Koreya elchixonasi tomonidan hadya qilingan ertak kitoblari topshirildi.
Agentlikning Navoiy viloyati hududiy vakilligi “Finland-Uzbekistan SDG Booster focusing on education” (“Finlandiya – O‘zbekiston: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ta’limni rivojlantirish”) tadbirida o‘z loyihasi bilan ishtirok etdi. Ushbu loyihaga Finlandiyadagi 3 ta ta’lim muassasasi va tashkilotlar Karelia University of Applied Sciences, Polar Partners Ltd. va University of Eastern Finland Global Education qiziqish bildirib, hamkorlik taklifini berdi.

Taklifning asosiy maqsadi, Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari va ta’lim muassasa rahbarlari uchun tezkor o‘quv kurslarini joriy etish, fin ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish va yangi hamkorlik g‘oyalarini amalga oshirilishiga sharoit yaratishdir. Ushbu loyiha asosida Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan 10 nafar turli fan o‘qituvchilari Finlandiyada malaka oshirib, fin ta’lim tizimining eng ilg‘or texnologiyalarini o‘rganib, pilot loyiha sifatida fin o‘qitish tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Agentlikning Navoiy viloyati hududiy vakilligi va SOFTEX IT-kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganish sohasini yanada rivojlantirish maqsadida imzolangan memorandumga ko‘ra, IT-tashkilotlari bilan turli kompyuter platformalarini yaratish rejalari ishlab chiqildi. Jumladan, chet tilida mobil ilovalar, dasturlar yaratib, turli onlayn tanlovlar, olimpiada platformalari yaratilib tanlov g‘oliblari rag‘batlantiriladi.

Til o‘rganishda radio va televideniya imkoniyatlaridan foydalanish ham ko‘zlangan natijani beradi. Agentlikning Navoiy viloyati hududiy vakilligi “Yoshlar media studiyasi” da har hafta “English Ted Club”da bahs-munozara uslubida bilimlarini boyitmoqda. Aslida xorijiy tillarni o‘rganish muloqot orqali samarali ekanligini hisobga olganda, bunday yondashuv to‘g‘ri va o‘z o‘rnida qo‘llanilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA