Xorijiy OAV vakillari bilan muloqot
Tashqi ishlar vazirligida “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi xorijiy jurnalistlar nigohida” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda vazirlik xodimlari, mamlakatimizda doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqi milliy davlatchilikni demokratik jihatdan yanada isloh etish va yangi taraqqiyot darajasiga ko‘tarishda tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ilgari surdi. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyilidan kelib chiqib, strategiyaning asosiy yetti yo‘nalishi belgilab berildi.
Davra suhbati davomida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga mazkur yo‘nalishlar, belgilangan ustuvor vazifalar haqida axborot berildi.
Jumladan, yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar ortga qaytmas xususiyat kasb etgani, so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolar uchun axborot olish va tarqatish, o‘z fikr va qarashini erkin bildirish huquqini ta’minlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar hayotga joriy etilayotgani ta’kidlandi.
Taraqqiyot strategiyasining 7-yo‘nalishida O‘zbekiston ilgari surayotgan tashqi siyosatning muhim jihatlari aks etgan.
Xususan, mamlakatimiz pragmatik, chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi munosabatlarni yanada rivojlantiradi. Eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni tobora kuchaytirish bundan buyon ham asosiy maqsadimiz bo‘ladi.
[gallery-4637]
Mintaqaning ajralmas qismi, yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash, bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ko‘rsatamiz. Biz Afg‘oniston bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor beramiz.
Muloqot davomida xorijiy OAV vakillari ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi bo‘yicha ko‘zda tutilgan tashabbuslar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususan, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Tadbir yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarni, xususan, yaqinda bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovi jarayonini faol yoritgan xorijlik jurnalistlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati