Xorijiy kuzatuvchilar Navoiy viloyatida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlarida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan uzoq muddatli kuzatuvchilar Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlari va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT/DIIHB)ning uzoq muddatli kuzatuvchilari – Svitil Pavel (Chexiya) hamda Skovbo Stig (Daniya) Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasida bo‘lib, hududiy komissiya a’zolarining ish faoliyati hamda Matbuot markazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvda hududiy saylov komissiyasi raisi Shuhrat Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiya”si asosida tashkil etilayotgan o‘quv jarayonlari, mashg‘ulotlar davomida uchastka saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, uchastka saylov komissiyalari a’zolari faoliyatini takomillashtirishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan “Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv amaliy qo‘llanma” ahamiyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida bugungi kunda hududiy saylov komissiyasi tomonidan kalendar-rejaga asosan amalga oshirilayotgan faoliyat, saylovda ilk marotaba ovoz beradigan yoshlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqotni olib borish uchun yaratilgan sharoitlar haqida ham so‘z yuritildi.
Xalqaro kuzatuvchilar Navoiy viloyatidagi saylov uchastkalarida ham bo‘lib, komissiyalar faoliyati bilan tanishmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri