Xorijiy diplomlarni tan olish: nostrifikatsiya bo‘yicha test sinovlari yakunlandi
Xorijiy davlatlarda oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish (nostrifikatsiya qilish) bo‘yicha navbatdagi test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Test sinovlari talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularning doimiy yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududlarda tashkil etildi.
Test sinovi maxsus ishlab chiqilgan dastur orqali elektron shaklda o‘tkazildi hamda talabgorlar test yakunida o‘z natijalarini bilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ushbu test sinovida 245 nafar talabgor ishtirok etdi. Shulardan 61 nafari belgilangan talabni bajardi.
Ta’kidlash joizki, mazkur jarayon xorijda olingan ta’lim hujjatlarini adolatli va shaffof tarzda tan olish, shuningdek, malakali mutaxassislarning mamlakat iqtisodiyoti va turli sohalarga jalb etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA