Xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalar tan olinishi bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi asosida yurtimizda bosqichma-bosqich elektron hukumat tizimi joriy etilmoqda.
Bu, jamiyatda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga e’tibor qaratilayotganini yaqqol ko‘rsatgan holda endilikda xalqimiz davlat xizmatlari, ijtimoiy xizmatlardan uydan chiqmagan holda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qarori shu ma’noda muhim ahamiyatga ega.
Zero, mazkur hujjat bilan endilikda xorijda olingan ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatlarni ortiqcha qiyinchiliksiz tan olinishi (nostrifikatsiyasi) bo‘yicha hujjatlarni yuborish va qabul qilish imkoniyati yaratildi.

Oliy attestatsiya komissiyasida mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot tashkilotlari mas’ullari uchun amaliy seminar o‘tkaziladi.
Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.Yusupov yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi qat’iy intilish va ta’lim, ilm-fan sohasidagi tub islohotlar samarasida yoshlarimiz nufuzli xorijiy davlatlar oliy ta’lim dargohlarida o‘qib, ilmiy faoliyati asosida ilmiy darajalarga sazovor bo‘layotgani bilan bir qatorda ilg‘or tajribali xorijiy mutaxassislarning ham Vatanimiz oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatishiga rag‘bat uyg‘otayotganini ta’kidladi.
Shu ma’noda, “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaror o‘z vaqtida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Tadbirda qaror mazmun-mohiyati va ijrosi ta’minlashdagi vazifalar xususida Z.Tojixo‘jayev tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.
Unda mazkur qaror asosida xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida ilmiy-pedagogik xodimlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilgani sanab o‘tildi.
Ochiq muloqotlar asosida o‘tgan seminarda oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar ilmiy kotiblari tomonidan oliy attestatsiya tizimiga tatbiq etilayotgan yangiliklar va mazkur qaror ijrosi bilan bog‘liq savollariga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berildi.
N.Usmonova,
O‘zA