Xorijdagi konsullik muassasalarimiz tomonidan 192,5 mingdan ortiq murojaat qabul qilingan
Xorijdagi fuqarolarimizning haq-huquqlarini himoya qilishda chet mamlakatlardagi diplomatik va konsullik muassasalari faoliyati muhim o‘rin tutadi. Shu yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan 192 ming 533 ta murojaat qabul qilingan hamda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgan. Murojaatlardagi masalalar yuzasidan 130 ming 807 ta konsullik harakatlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, joriy yil davomida konsulliklar ro‘yxatida doimiy va vaqtincha turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining 2 ming 434 nafariga shaxsga fuqarolik holati masalalari, 13 ming 491 nafariga xorijga chiqish biometrik pasportlarini va 21 ming 464 nafar vatandoshlarga O‘zbekistonga qaytish guvohnomalarini rasmiylashtirish bo‘yicha huquqiy va konsullik xizmatlari ko‘rsatilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunning Tashqi ishlar vazirligi tizimida ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston Respublikasi diplomatik konsullik muassasalarining fuqarolarga va yuridik shaxslarga konsullik xizmatlarini ko‘rsatish, jumladan, vizalarni rasmiylashtirish, ushlab turilgan, qamoqqa olingan, ma’muriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan yoxud bedarak yo‘qolgan fuqarolarga hamda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ko‘maklashish bilan bog‘liq ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari bilan birgalikda jami 735 ta turli madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlikka oid 696 ta tadbir, 352 ta sayyor qabul tashkil etilgan.
Deputatlar xorijiy mamlakatlardagi konsullik muassasalari va diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborilayotgan xizmat yozishmalarini hamda ma’lumotlarni olishda yuzaga kelayotgan noqulayliklar, jumladan, murojaatlar bo‘yicha kerakli ma’lumotlarning belgilangan muddatlardan kechikib yetib kelishi holatlari mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA