Xorijdagi Buxoro yahudiylari Samarqand mehmoni
AQSH va Kanadadagi Buxoro yahudiylari kongressi aʼzolari yurtimizda mehmon boʻlib turibdi. Joylarda ular ishtirokida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, biznes forumlar oʻtkazilmoqda.
AQSH va Kanadadagi Buxoro yahudiylari kongressi aʼzolari yurtimizda mehmon boʻlib turibdi. Joylarda ular ishtirokida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, biznes forumlar oʻtkazilmoqda.
Xususan, Samarqand shahridagi Yahudiylar qabristonida xotira yodgorlik majmuasi ochildi.
Tadbirda AQSH, Kanada, Isroil, Rossiya, Avstriya, Germaniya va Avstraliyadan 300 ga yaqin Buxoro yahudiy diasporasi vakillari ishtirok etdi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, AQSH va Kanadadagi Buxoro yahudiylari kongressi raisi B.Kandov, Isroilning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi E.Shapiro va boshqalar mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar qatorida 4 mingdan ortiq yahudiylar ahil-inoq istiqomat qilayotganligini taʼkidlab, mazkur maskanning obod boʻlishiga hissa qoʻshganlarga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Samarqand viloyat hokimligida “Samarqand viloyati va Buxoro yahudiylari vakillari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik istiqbollari” mavzusida xalqaro biznes forum oʻtkazildi.
Forum avvalida viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand va AQSH hamda Kanadadagi Buxoro yahudiylar kongressi oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun kongress aʼzolari va amerikalik ishbilarmonlarning bir guruhiga hokimlikning faxriy yorliq va esdalik sovgʻalarini topshirdi.
Shundan soʻng, mehmonlarga mamlakatimizda, xususan, Samarqand viloyatida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, turizmni rivojlantirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotda keng qoʻllash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Turizm, tibbiyot, qurilish, kosmetologiya, zargarlik va boshqa sohalar boʻyicha Buxoro yahudiylari bilan hamkorlik qilish, oʻzaro tajriba almashish yuzasidan takliflar bildirildi.
– Biz Oʻzbekistonda oʻzimizni oʻz uyimizdagidek his qilyapmiz, – dedi AQSH va Kanadadagi Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti B.Kandov. – Bu mamlakatda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq emasmiz. Erishilayotgan yutuqlarni ham oʻzimiznikidek mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Oʻzbekiston ravnaqiga hissa qoʻshish istagida boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlaymiz, ularga koʻmaklashishga tayyormiz.
Forum doirasida mahalliy tadbirkorlar faoliyati va viloyatning investitsiya salohiyatiga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi.
Tadbir davomida mahalliy tadbirkorlar bilan turli sohalarda hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.