"Xorijda boburshunoslik" kitobi chop etildi
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shuhrat Hayitovning "Xorijda boburshunoslik" nomli kitobi chop etildi.
To‘plam buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan "Bayoz'' nashriyoti tomonidan nashr etilgan.
Jahonda birorta mashhur kutubxona yo‘qki, u yerda xalqimiz tarixi va adabiyotiga tegishli qo‘lyozma asar bo‘lmasa. bugungi kunda dunyo kitob fondlarida buyuk allomalarimizning yuz mingdan ziyod qo‘lyozmalari saqlanmoqda. Ular asosida minglab tadqiqotlar, kitob va risolalar chop etilgan hamda yuzlab dissertatsiyalar yozilgan. Bir so‘z bilan aytganda, dunyo ma’rifat ahlining ulug‘ ajdodlarimizga tegishli boy ilmiy-adabiy merosiga bo‘lgan qiziqishlari asrlar osha shakllanib kelgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o‘rganish, asarlarini tarjima qilish borasida ko‘plab mamlakat olimlari qatori turkiyalik mutaxassislar ham munosib o‘ringa ega. Turk olimlari tomonidan bu borada bir qancha ilmiy izlanishlar olib borilgan. Tarjima, yirik monografik asarlar, ilmiy-ommabop risolalar chop etilgan. Ammo bu kabi ishlar hali boburshunoslik ilmida o‘rganilmagan edi.
Mazkur monografiyada Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining xorijda o‘rganilishi, shuningdek, dunyo fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalar tadqiqiga alohida ahamiyat qaratilgan. Kitobda shoir asarlarining o‘zbekcha-turkcha manbalari qiyosiy tadqiq etilib, «Boburnoma», «Bobur devoni», «Mubayyin», «Risolayi volidiyya» asarlarining turkcha tarjimalari qiyosiy-tipologik metod asosida o‘rganilgan. Turk adabiyotida shoir hayoti va ijodining yoritilishi, asarlari tarjimasi, qo‘lyozma matni va uning tavsifi va talqini kabilar bilan bog‘liq boburshunoslikdagi aktual masalalar va ularning yechimiga oid ilmiy-nazariy xulosalar ishlab chiqilgan.