Xorazmlik jurnalistlar ham taqdirlandi
Urganch shahridagi “Baxt qushi” tantanalar saroyida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan uch avlod uchrashuvi tarzida tashkil etilgan tadbirda nafaqadagi ustoz-jurnalistlar ham ishtirok etdi.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov soha vakillarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
– Barchamizga yaxshi ma’lum, mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan bugungi davrda ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi ijtimoiy hayotning muhim mezoniga aylandi, – dedi viloyat hokimi J.Rahimov. – Bugungi globallashuv jarayonida kundalik voqea hodisalar to‘g‘risida fuqarolarga xolis va ishonchli axborot yetkazish, jamiyatni turli informatsion xurujlardan saqlash, davlat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish, jamoatchilik nazoratini shakllantirishda ommaviy axborot vositalari, blogerlar, matbuot xizmatlari muhim o‘rin tutadi. Xorazmda 21 ta bosma nashr, 3 ta telekanal, 2 ta radiokanal faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi 3 yilda viloyatimiz media makonida 21 ta elektron nashrlar paydo bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish biz uchun hamisha ustuvor vazifa bo‘lib kelgan va bundan buyon ham bu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘zida Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi umumiy qiymati 40 milliard so‘mlik eng so‘nggi rusumdagi texnik vositalar bilan jihozlandi. Bu esa efir sifatini yaxshilash, yangicha yo‘nalishdagi teleradiodasturlar tayyorlash imkonini beradi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida viloyatda barcha shahar va tuman hokimliklarida, shuningdek, 30 dan ortiq viloyat tashkilotlarida axborot xizmatlari tashkil etildi. Bugun ular ommaviy axborot vositalari, blogerlar bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlarga, murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirmoqda, tashkilotlarning internetdagi veb-saytlari, kanal va sahifalari orqali zarur axborotlarni aholining barcha qatlamlariga yetkazib bermoqda.
Tadbirda bir guruh jurnalistlarga viloyat hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
[gallery-12521]
Ahmadjon Shokirov, Behzodbek Saidov (surat), O‘zA.