Xorazmdagi korxona yiliga 35 million AQSH dollarlik trikotaj mahsulotlarini eksport qilmoqda
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Sh.To‘rayev “UZTEX GROU” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonada bo‘lib, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, tashqi iqtisodiy faoliyati hamda eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning o‘tgan davri davomida korxona tomonidan Rossiya, Litva hamda Germaniya davlatlariga qiymati 15,4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 1 ming 100 tonna tayyor trikotaj mahsulotlari eksport qilingan.

Muloqot davomida korxona rahbariyati bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga xorij bozorlarida talab tobora ortib borayotgani, shu bois eksport yuklarini o‘z vaqtida yetkazib berish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, keyingi vaqtlarda taqdim etilayotgan bojxona yuk deklaratsiyalarining xavfni boshqarish tizimida “sariq” yoki “qizil” yo‘lakka tushayotgani eksport jarayoniga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatayotganini bildirib, ushbu masala yuzasidan amaliy yordam so‘radi.

– Bojxona organlari tomonidan tadbirkorlarning qonuniy faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksport jarayonlarida uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish va ular bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Sh.To‘rayev. – Zero, bojxonachi har doim tadbirkorga ko‘makchidir.


Murojaat yuzasidan mas’ullarga holatni belgilangan tartibda atroflicha o‘rganish, tadbirkorlik sub’ektining qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA