Xorazmda yangi harbiy ob’ekt tantanali ochildi
Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanida joylashgan va Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Yangicha qiyofa kasb etgan harbiy qismning tantanali ochilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari Mahmudjon Umurzoqov, tuman oqsoqollari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida mana shunday obod maskanlar bunyod etilib, harbiy xizmatchilar va oila a’zolariga zamonaviy, qulay shart-sharoitlar muhayyo etilayotganini e’tirof etdi.
Darvoqe, eng olis hududda joylashgan ushbu harbiy qismda qisqa vaqt ichida davr talabiga mos bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, natijada harbiy ob’ekt ko‘rkam qiyofa kasb etdi.
Jumladan, harbiy qismning ma’muriy binosi, harbiy xizmatchilarning oilalari bilan istiqomat qilayotgan yotoqxonalar, sun’iy qoplamaga ega bo‘lgan sport hamda saf maydonlari, nazorat o‘tish joyi, harbiy texnikalarni saqlash parki, bolalar uchun o‘yingoh, sport zali hamda texnik hududda kapital qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Harbiy qism hududi obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi.
Tadbir davomida qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan tashkilot rahbariga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi nomidan minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng mehmonlar harbiy qism hududida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishib, hudud bo‘ylab sayohat qilishdi.