Xorazmda intellektual mulk sohasi rivojlanadi
Xorazm viloyatida Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan sayyor uchrashuv tashkil etildi.
Xorazm viloyatida Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan sayyor uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda tuman va shahar hokimlarining tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi, savdo-sanoat palatasi masʼul xodimlari, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot instutlari ilmiy izlanuvchilari, tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 2020-yil 12-oktyabr kuni intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish masalasi yuzasidan oʻtkazilgan uchrashuvda soha kompleks tahlil qilinib, tizimdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish uchunbir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Urganch shahrida oʻtkazilgan uchrashuvda intellektual mulk agentligi rahbari Toʻlqin Abdusattorov, viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi Aybek Masharipov soʻzga chiqib, viloyatda intellektual mulk obyektlarini muhofaza etish orqali tadbirkorlar oʻrtasida nohalol raqobatni oldini olish, muallif yaratgan ishlanmasidan qonunda belgilangan tartibda foydalanish va undan foyda koʻrish, turli nizolarni sud va Adliya vazirligi huzuridagi apellyatsiya kengashlarida hal etish, patent orqali intellektual mulk obyektiga nisbatan mualliflik huquqini belgilash mumkinligini taʼkidladi.
Mazkur tadbirlar barcha hududlarda jumladan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Andijon, Namangan, Fargʻonada oʻtkazilmoqda, – deydi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi matbuot xizmati rahbari Feruz Joʻrayev. – Uchrashuvlarda soha mutaxassislari tomonidan intellektual mulkni patentlashtirish jarayoni, mulkni muhofaza qilish ahamiyati, tovar belgisini kompaniya imijini yaratishdagi oʻrni haqida atroflicha maʼlumot berilmoqda. Bugungi tadbirda ham tadbirkorlarga milliy brend yaratishning oʻziga xosliklari, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, yurtimizdagi joy nomlari bilan bogʻliq tovar va xizmatlarni ommalashtirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, tadbirkorlar va patent egalari, ilm-fan vakillari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda davlat idoralari bilan birgalikda sohani rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqishda hamkorlikni oʻrnatish, tadbirkorlarga milliy brendni yaratish, tovar belgalarini milliy va xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishdaamaliy yordam koʻrsatish, intellektual mulk yaratuvchilari uchun imtiyozlarni joriy qilish belgilandi.
Ayni damda Xorazm viloyatida 45 ta intellektual mulk obyektlari amalda foydalanib kelinmoqda. Endilikda, Xorazm qovunlari, Gurlan guruchi, Hazorasp olmasi, Bogʻot uzumi, “Katta bogʻ koshinlari”, Xorazm choʻgirmasi kabi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini hududiy mansubligi boʻyicha ruyxatdan oʻtkazib, xalqaro bozorlarda faol targʻib qilish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasida davom etdi. Tadbir ishtirokchilari xivalik xunarmandlarning ishlanmalari bilan tanishishdi.
– Telpakdoʻzlik hunari ota-bobolarimizdan bizga meros, – deydi hunarmand Shokir Abdullayev. – Men sakkizinchi avlod vakiliman. Xorazm choʻgirmasi butun dunyoda mashxur chunki, qadimiy xivamizga kelgan har bir sayyoh oʻzi bilan choʻgirma olib ketadi. Men ham “Xiva choʻgirmasi” brendi ostida oʻz mahsulotimni sotishni xohlayman.
Uchrashuvlar davomida Internet tarmogʻida mualliflik va turdosh huquqlar himoyasini taʼminlash, adabiy va badiiy asarlardan mualliflar ruxsatisiz foydalanishning oldini olish boʻyicha oʻzaro hamkorlik ishlarini olib borish belgilandi.