Xorazm va Qoraqalpog‘istonlik supervayzerlar mahorati oshirildi (+video)
Xorazm viloyatida “Ijtimoiy ishda ta’lim, superviziya va kasbiy rivojlanish” mavzusida ikki kunlik trening o‘tkazildi.
Unda 30 nafarga yaqin Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston respublikasining barcha hududlaridan yig‘ilgan supervayzerlar qatnashdi.
Mazkur treningning asosiy maqsadi ijtimoiy ish sohasiga ilg‘or va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, supervayzerlarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning kasbiy salohiyatini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Trening davomida kompetensiyaga asoslangan ta’lim tizimini rivojlantirish va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish yondashuvlari, motivatsion intervyu usuli hamda uning superviziya jarayonidagi samarali qo‘llanilishi kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.

Mazkur o‘quv jarayoni soha mutaxassislari uchun jahon standartlarini o‘zlashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi, deyish mumkin. Sababi mashg‘ulotlarni dunyoning nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lgan Kolumbiya universiteti Ijtimoiy ish maktabining maxsus bo‘lim direktori Lyudmila Kim olib bordi.
Xalqaro ekspertning ishtiroki ijtimoiy ish tizimida superviziyaning o‘rni, xodimlarni ruhiy qo‘llab-quvvatlash va kasbiy etikasini yanada oshirish kabi nozik jihatlar ham tahlil qilindi.
– Superviziya – ijtimoiy ish sohasida mutaxassisning kasbiy mahoratini oshirish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ruhiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maslahat va ko‘mak jarayonidir, – deydi Lyudmila Kim. – Oddiy tilda aytganda, superviziya tajribali mutaxassis – supervayzer tomonidan kamroq tajribaga ega xodimning ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishga metodik va amaliy jihatdan ko‘mak berishni anglatadi. Biz bugun mashg‘ulotlarda ishtirok etgan ikkita hudud supervayzerlarining faolligi va qiziqishini kuzatdik. Ular trening davomida katta qiziqish bilan ishtirok etdi. Ushbu jarayon yakunida Xorazm va Qoraqalpog‘istonlik supervayzerlar o‘z hududlarida ijtimoiy xodimlar uchun eng yaqin maslahatchi va kasbiy yo‘lchi sifatida faoliyatlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqadi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar nazariy bilimlarni interfaol o‘yinlar va amaliy topshiriqlar orqali mustahkamladi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri