Xorazm: o‘tmish va bugun mujassam zamin
Hududlarda “O‘zA kunlari”
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning hududlardagi faoliyatini yanada jonlantirish, mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan axborot sohasidagi strategik hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish hamda viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini keng targ‘ib qilish, aholi bilan muloqotlar uyushtirish maqsadida Xorazm viloyatida “O‘zA kunlari” deb nomlangan loyiha doirasida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan tadbirlar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetidan boshlandi. Agentlik rahbariyati va taniqli jurnalistlardan iborat ijodiy guruh oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda professor-o‘qituvchilari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlar oliy ta’lim dargohi olimlari va iqtidorli yoshlari tomonidan yaratilgan innovatsion mahsulotlar namunalari bilan yaqindan tanishib, hududiy ilm-fan yutuqlariga yuqori baho berdi.
Universitetning axborot-kutubxona markazida O‘zAning mahoratli fotojurnalisti Alimurod Mamadaminovning Xorazm sportiga bag‘ishlangan “Sportimiz – faxrimiz” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi namoyish etildi. Ushbu ekspozitsiya orqali ishtirokchilar voha sportchilarining zafarli lahzalari va fotojurnalistika san’atining o‘ziga xos qirralari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Universitetda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnudbek Hudoyberdiyev boshliq ijodiy guruhning talaba-yoshlar bilan ochiq muloqoti tashkil etildi.
Nihoyatda qizg‘in o‘tgan uchrashuv avvalida universitet rektori Feruza Madrahimova, Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov so‘zga chiqib, mamlakatimizda, xususan, Xorazm viloyatida yoshlarning erkin izlanishlari, ilm olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, ularni qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti mamlakatimizda o‘z o‘rniga ega ta’lim dargohlaridan biridir. Universitetda bugun 25 mingdan ortiq mahalliy va horijlik talabalar tahsil olmoqda.
Uchrashuvda X.Hudoyberdiyev talabalarga raqobatbardosh kadr bo‘lish uchun doimiy izlanish, chet tillarini mukammal o‘rganish, o‘z ustida ishlash, zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallash hamda yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi yuzasidan foydali tavsiyalarini berdi.
–Uchrashuv juda samimiy bo‘ldi, – deydi universitet 3 -kurs talabasi Nafosat Ahmadjonova. – Tadbir davomida mamlakatimizning yetakchi axborot agentligi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldik. Men ham jurnalistikaga qiziqaman va men kabi shu sohaga qiziquvchi yoshlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Biz universitetimiz matbuot xizmati qoshida yosh muxbirlar klubini tashkil etib, o‘zimizning media materiallarimizni O‘zA saytiga ham taqdim qilib borishimiz va viloyatimizdagi yangiliklarni yoritishda hamkorlik qilish taklifini bildirdik. O‘zA rahbariyati tomonidan ushbu tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlandi.
Muloqot davomida talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Uchrashuv so‘nggida universitet axborot -kutubxona markaziga O‘zA nomidan kitoblar, fotoko‘rgazmada namoyish etilgan barcha suratlar, maxsus planshetlar, quloqchinlar hamda “Mutolaa” ilovasi bir yillik bepul obunasi bilan birga sovg‘a qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida agentlik jurnalistlari Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Urganch shahridagi “IMZO GLASS KHOREZM” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lishdi.
"Imzo" brendi ostida faoliyat yurituvchi jamiyat nafaqat viloyatda, balki respublika miqyosidagi eng zamonaviy va yirik toblangan oyna, deraza va eshik romlari ishlab chiqaradigan korxonalardan biridir.
Umumiy qiymati 7 million dollar bo‘lgan korxona yiliga 300 ming kvadrat metr qayta ishlangan shisha oyna hamda 200 ming kvadrat metr deraza va eshik romlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
–Liniyalarimizning ishga tushirilganiga olti oy bo‘ldi,–deydi korxona rahbari Shayxnazar Abdalniyozov. – Biz oynani toblash orqali uning chidamliligi va tiniqligini oshiramiz. Qirq turdan ortiq zamonaviy qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarayapmiz. Mahsulotlarimizdan asosan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qurilish ob’ektlarida foydalanilmoqda. Tez orada Turkmaniston va Qozog‘iston Respublikalariga eksportni yo‘lga qo‘yamiz. Keyingi yildan oynani qayta ishlash hamda rom ishlab chiqarish liniyalarimiz alohida korxonalarga ajraladi. Natijada hozir korxonamizda mehnat qilayotgan 120 nafar ishchining soni ikki barobar ko‘payadi.
Shuningdek, agentlikning ijodiy guruhi “Al-Xorazmiy” massivida ham bo‘lib, ushbu hududda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirishdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2022-yil avgust oyidagi tashrifi chog‘ida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi poydevoriga kapsula qo‘ygan edi.
Bir yuz o‘ttiz gektar maydonda barpo bo‘layotgan ushbu majmua kelgusida shunchaki turarjoy emas, balki ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan yaxlit ekotizimiga ega bo‘lgan “aqlli shahar” (smart city) bo‘ladi.
Sun’iy intellekt asosida boshqariladigan energiya tejamkor texnologiyalar, videokuzatuv va xavfsizlik tizimlariga ega shaharda Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet barpo etiladi. Uning qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab quriladi. Ularda o‘qigan yoshlar shaharchada bunyod etiladigan ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlarida faoliyat ko‘rsatadi.
–Shaharchada texnopark va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar qurilishi davom etmoqda, –dedi “Al-Xorazmiy” majmuasini barpo etish va saqlash direksiyasi” davlat unitar korxonasi rahbari Sherzod Ollaberganov. – Bunyodkorlik ishlariga minglab texnika va quruvchi mutaxasislar jalb etilgan. Hududda 5 ming xonadonli 104 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etish rejalashtirilgan. Hozir ularning 92 tasi foydalanishga topshirildi. Natijada 3500 aholi uy-joy bilan ta’minlandi. Markaziy kanalizatsiya va boshqa infratuzilma tarmoqlari ishga tushirildi. Inshootlarning barchasi “aqlli texnologiyalar” asosida jihozlanmoqda.
Darhaqiqat, shaharchada bugun bunyodkorlik ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Shaharcha markazida Abdulla Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy sayilgohi bo‘lib, buyuk allomaning mahobatli haykali ham o‘rnatiladi. Bu maskan kelgusida “Urganch” xalqaro aeroportidan chiqqan har bir insonning ko‘zini quvnatib turadi.
–Zamonaviy shaharcha bilan tanishar ekanmiz, bu yerda juda katta ko‘lamda bunyodkorlik ishlari olib borilayotganligining guvohi bo‘ldik, –deydi agentlik bosh muharriri Sherali Otaboyev. – Buyuk alloma Al-Xorazmiy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida barpo etilayotgan majmua ilm- fan klasteri bo‘ladi. Yangi zamonaviy oliy ta’lim muassasasi, IT-parklar, laboratoriyalar va yosh olimlar uchun tadqiqot maydonchalari, ta’limning uzluksiz zanjirini yaratish uchun bog‘chadan tortib, yuqori texnologiyali maktablargacha bo‘lgan muassasalar – bularning barchasi mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, yoshlar uchun “startap”lar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, IT tadbirkorlikni rivojlantirish uchun muhit yaratadi. O‘zA jamoasi bu o‘zgarishlarni maxsus materiallar, video va fotoreportajlar shaklida doimiy ravishda yoritib boradi.
“O‘zA kunlari” loyihasining ikkinchi kunida agentlik jurnalistlari Xiva shuhridagi “Arda Xiva” zamonaviy sayyohlik majmuasi, “Nurillaboy saroyi” va “Ichan qal’a” kabi qadimiy manzillarda bo‘lib, tarihiy obidalar va asori atiqalar bilan tanishishdi.
Ijodiy guruhning ilk manzili “Arda Xiva” zamonaviy sayyohlik majmuasi bo‘ldi. Bu yerda inson ko‘zini quvontiradigan jihat shundaki, majmua o‘zida eng so‘nggi me’morchilik yutuqlarini jamlagan bo‘lsa-da, Xorazmning milliy ruhi va o‘ziga xos koloritini saqlab qolgan.
Bu yerdagi sharoitlar viloyatning turizm salohiyati naqadar yuksalayotganidan dalolat beradi. Safarning keyingi manzili Nurillaboy saroyi bo‘ldi.
[gallery-28437]
Saroy ayvonlaridagi nafis o‘ymakorlik namunalari va Xiva xonligi davriga oid me’moriy yechimlar har bir ijodkorni chuqur mushohadaga chorlaydi.
Bu yerda Sharqning sirli nafosati G‘arbning mumtoz uslublari ila shu qadar ustalik bilan birlashganki, go‘yoki saroy devorlari o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi oltin ko‘prikka o‘xshaydi. Jurnalistlar saroyning har bir xonasida saqlanib qolgan tarixiy asori-atiqalarni ko‘zdan kechirar ekan, ajdodlarimizning yuksak didi va madaniyatiga yana bir bor tan berishdi.
–Ochiq osmon ostidagi muzey- shahar "Ichan qal’a" darvozalaridan ichkariga kirgan odam xayolan o‘tmishga sayohat qilishi shubhasiz, – deydi Media markaz rejissyori Yoqubjon Meliboyev. – Ko‘hna minoralar, moviy koshinlar va tor ko‘chalarning har bir toshida asrlar silsilasining izi qolgan. Ko‘hna ark, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Xudoyberdi Devonov muzeyi va boshqa manzillarda bo‘lgan kishi o‘zi uchun beminnat ma’naviy ozuqa olishi mumkin. Tarixni bilmay turib, bugunning qadriga yetish, kelajakni qurish mumkin emas. Xorazm tuprog‘idagi har bir qadimiy manzil bizga ana shu oddiy, ammo buyuk haqiqatni eslatib turadi.
Agentlik ijodkorlari sayohat davomida nafaqat obidalarni tomosha qilishdi, balki moziy nafasini his etib, milliy merosimizni saqlash va uni dunyoga targ‘ib qilish borasida yangi ijodiy rejalarni ham mukammallashtirishdi.
Ikki kunlik tadbirlar mezbonlarga ham, mehmonlarga ham ko‘p saboqlar, g‘oyalar berdi, deb o‘ylaymiz. Yangi fikrlar, ijodiy rejalar tug‘ildi. O‘zA jurnalistlari bir olam o‘y-fikrlar, ijobiy taassurotlar bilan poytaxtga qaytishdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari