Xonqada byudjetdan ajratilgan pullarning sarflanishini jamoatchilik hal qiladi
Xorazm viloyatidan saylangan senator va deputatlar shahar va tumanlarda bo‘lib ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf qilishga yordamlashmoqda.
Shuningdek, joylarda qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar, qaror va farmonlar ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
Xonqa tumanida senatorlar, xalq deputatlari shahar va tuman kengashlari kotibiyati mudirlari, siyosiy partiyalar viloyat kengashi mutasaddilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda davlatimiz rahbarining joriy yil 13 apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan Xonqa tumanida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar tahlil qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, 2021 yil may oyidan boshlab mamlakatimizdagi ayrim shahar va tumanlarda, 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran respublikaning barcha tuman (shahar)larida tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish tartibi bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.
Shunga ko‘ra, Xonqa tumanida ham may oyidan boshlab tuman byudjetining tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi, 1 iyuldan esa qo‘shimcha manbalarning kamida 10 foizdan 30 foizigacha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Ortiqcha rasmiyatchilikdan holi, erkin tarzda o‘tkazilgan uchrashuvda mas’ul mutasaddilar mazkur qaror ijrosi bo‘yicha ma’lumot berdi.
– Tumanimizda davlat byudjetidan dastlabki 5 foiz mablag‘, ya’ni olti yarim milliard so‘m jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish uchun ajratildi, – deydi Xonqa tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Farruh Ernazarov. – Endilikda bizning vazifamiz ana shu pul mablag‘larini tumanimizning 188 ming aholisi o‘rtasida shakllangan jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni belgilab, to‘g‘ri yo‘naltirishdan iborat. Jamoatchilik fikri internet tarmog‘idagi O‘zbekiston Respublikasi “Ochiq byudjet” (WWW.OPEN BYUDJET.UZ) portali orqali aniqlanadi. Albatta ushbu jarayonda tumanimizdagi fuqarolarning katta qismi ishtirok etishi kutilmoqda va bu borada targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Bahs-munozaralarga boy o‘tgan uchrashuvda xalq deputatlari shahar va tuman kengashlari kotibiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
So‘ng senatorlar Urganch shahrida Oliy majlis senatiga murojaat yo‘llagan fuqarolarni qabul qildi. Qabul jarayonida fuqarolarning turli mazmundagi o‘nga yaqin murojaatlari tinglandi.
Ochiq va samimiy muloqotda ayrim muammolar joyida ijobiy hal etildi. Ijrosi vaqt talab etadigan murojaatlar qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘rganilib, chora ko‘rish uchun tegishli tashkilot va idoralarga yuborildi. Ijrosi esa senatorlar nazoratiga olindi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA