“Xonatlas haftaligi”: chorshanba – milliy liboslar kuni
Jizzaxdagi barcha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar idoralari, tashkilot va mahallalarda millat ko‘rki bo‘lgan, milliy qadriyatlarimizni keng tarannum etuvchi “Xonatlas haftaligi” qizg‘in davom etmoqda.
Mirzacho‘l tuman kasb-hunar maktabida 9 - 14 sentyabr kunlari o‘tishi belgilangan “Xonatlas haftaligi” doirasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda xonatlas va adrasdan tayyorlangan milliy liboslar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Kasb-hunar maktabi jamoasi har haftaning chorshanba kunini milliy liboslar kuni deb belgilab, shu kuni maktabga o‘quvchi qizlar va o‘qituvchi ayollar millatimiz ko‘rki bo‘lgan – xonatlas va adras kabi milliy liboslarimizda, o‘g‘il bolalar va jamoa rahbariyati esa milliy o‘zbek do‘ppisida kelishiga kelishib oldi.

Mirzacho‘l tuman axborot-kutubxona markazi hamda tuman madaniyat markazi hamkorlikda “Xonatlas haftaligi” munosabati bilan “O‘zbegimning ko‘rki – xonatlas” mavzusidagi kitoblar ko‘rgazmasi va she’rxonlik kechasi tashkil etgani ham ko‘pchilikning e’tiborida bo‘ldi. Milliy liboslarimizda xalqimizning asrlarga teng o‘tmishi, urf-odati va an’analari mujassamligi haqida o‘qilgan she’r va qo‘shiqlar barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Forish tumanidagi maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida ham “Xonatlas haftaligi” qizg‘in va jozibalarga boy tarzda o‘tmoqda.Jumladan, “Nurak” MFYda joylashgan 4- umumta’lim maktabida haftalik doirasida tashkil etilgan ma’naviy tadbirda xonatlas o‘zbek ayollarining milliy libosi, millatning ko‘rki ekanligi, momolarimizning asrlar davomidagi faxri, g‘ururi bo‘lib kelganligi yorqin misollar orqali tushuntirilib, keng targ‘ib qilindi.

G‘allaorol xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi o‘qituvchi va talabalari ishtirokida esa “Xonatlas” festivali bo‘lib o‘tdi.
Unda tomchidek dur – minglab harsang toshlardan qimmatroq bo‘lganidek, xalqimiz hunarmandlarining qalb qo‘ridan yaratilgan atlas va adras matolari ham boshqa ko‘plab matolardan qadrliroq ekanligi, xonatlas – eng yorqin ranglar tabiat jilosi, gullar tasvirini o‘zida mujassam etgan bebaho o‘zbek milliy matosi, libosi hisoblanishi ta’kidlandi.
Paxtakor tumanidagi barcha maktabgacha va umumta’lim maktablari, mahalla, idora, tashkilot va muassasalarida ham “Xonatlas haftaligi” ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda. Haftalik davomida umumta’lim maktablari o‘quvchi qizlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyalanuvchilari tomonidan atlas va adras milliy liboslarida namoyish etilayotgan jozibali raqslar va sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashmoqda.

E’tiborldisi, barcha ta’lim muassasalari ushbu haftalikni bir yilda bir yoki ikki marotaba emas, balki har haftaning chorshanba kuni “Milliy liboslar kuni” deb belgilash tashabbusi bilan chiqishmoqda. Xotin-qizlarimizni millatimiz ko‘rki bo‘lgan atlas yoki adras milliy liboslarimizda, o‘g‘il bolalar va erkaklarimizni o‘zbek milliy do‘ppilarida har haftada ko‘rishni istash taklifi kishida milliy g‘urur uyg‘otadi. Bunday targ‘ibot yoshlarimizni turli o‘zga millatlar kiyimlariga taqlid qilishdan saqlab, ommaviy madaniyatdan himoya qiladi..
A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat),
O‘zA muxbirlari