Xonatlas festivali (+video)
Xonatlas – eng yorqin ranglarni mujassam etgan o‘zbek milliy matosi hisoblanadi. Milliy liboslar yoshlarda milliy merosimizni qadrlash va uni avaylash tuyg‘usini uyg‘otishda muhim omildir.
Buxoro davlat universitetida “Xonatlas – 2023” festivali tashkil etildi.
Dastlab doira sadolari ostida milliy liboslarni kiygan talaba-qizlarning paradi tashkil etildi. Parad chinakam go‘zallik va milliy liboslar bayramiga aylanib ketdi.
O‘zbek xonatlasi butun dunyoga mashhur. Ushbu matoni ishlab chiqarish texnologiyasi 4 ming yildan buyon ma’lum.
[gallery-13789]
–Ipak matolardan tayyorlangan buyumlar har qancha qimmatbaho bo‘lmasin, g‘oyat xaridorgir bo‘lib qolavergan, – deydi BuxDU Arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi dotsenti, M.Qurbonova. –Ular ayollar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan, saroylar hashamatini oshirgan. Uzoq moziyda ham, bugun ham ipakdan ro‘mollar, ko‘ylaklar tayyorlash an’anasi davom etmoqda. O‘zbek milliy matolari deganda ko‘z o‘ngimizda kamalak ranglarda tovlanuvchi atlasu adraslar namoyon bo‘ladi. Usta hunarmandlarning mashaqqatli mehnati, qobiliyati, mahorati natijasida yaralgan atlas, adras, beqasam kabi bir-biridan bejirim matolar nihoyatda qadrlidir.
Azaliy qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan ushbu go‘zal matolar milliy boyligimiz sanaladi. Unda xalqimizning uzoq hamda shonli o‘tmishi, qadimiy an’analari, estetik dunyoqarashi, didi va o‘ziga xos xususiyatlari mujassam.
Atlas to‘qish Marg‘ilonda juda qadimdan rivojlangan va boshqa joylarga tarqalgan. XX asr boshlarida bu yerda ko‘plab atlas to‘quvchi kosiblar bo‘lishgan. 2017 yilda o‘zbek ipak matolarini to‘qish texnologiyasi YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani milliy matolarimizning jahon miqyosidagi yuksak o‘rnini namoyon etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VuO8Md4Kf9Q" title="Xonatlas festivali" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bugungi kunda yo‘qolib borayotgan an’analarni asrab-avaylash, jumladan, tarixiy matolarni qayta tiklash tobora muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ipak matolar orasida eng mashhuri abrli atlas va xonatlasdir. Ularning o‘ziga xosligi – bezak va gullar matoga emas, balki o‘rish ipining o‘ziga chiziladi. Aytaylik, uzunligi 200 metr, eni 40 santimetr atlasni to‘qish uchun 3 ming 600 ta ipak tolani bir-biri bilan uyg‘unlashtirish lozim. Bitta tola uzilsa ham mahsulot sifatiga putur yetadi. Shu bois matoga yangi element qo‘shish juda qiyin. Iplarni “abr” usulida bo‘yash ham katta mahorat talab etadi. E’tiborlisi, barcha ranglar tabiiy usulda, bo‘yoq beruvchi giyohlardan tayyorlanadi. Shu bois ular o‘z sifatini yo‘qotmaydi, ranglar qorishib ketmaydi.
Tadbirda milliy kuylar sadosi ostida talaba qizlar uchun “Xonatlas” deb nomlangan mahorat darsi o‘tkazildi. Festivalda konsert dasturlari, dizaynerlar taqdimoti, ommaviy raqs dasturlari ham taqdim etildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbirlari.