Xonadonidan xazina topgan oila
Farg‘ona viloyatida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, yaxshi daromadga ega bo‘layotganlar ko‘plab topiladi.
Ular mehnati bilan ro‘zg‘orini to‘kin qilishyapti, yurt farovonligiga hissa qo‘shyapti.
– Parrandani bejiz “Yetti xazinaning biri” deya atashmaydi, chunki tovuq qisqa vaqtda go‘shtga kirishi, tuxum berishi va yana boshqa mahsulotlar manbaiga aylanishi barchaga ma’lum, – deydi Bag‘dod tumanida yashovchi Elyorbek Ziyayev. – Ko‘pchilik tovuqni fermada yoki alohida keng joyda boqish kerak, degan fikrda yuradi. Lekin unday emas. Qishloqlardagi har bir xonadonda bu serdaromad biznesni yo‘lga qo‘yish mumkin, faqat astoydil mehnat qilinsa bo‘ldi.

“Paxtaobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchilar bu xonadonni yaxshi bilishadi. Oila boshlig‘i Vahobjon aka ko‘p yillardan buyon mahalla raisi bo‘lib ishlaydi.
– Tomorqamizning bir chetida parrandachilikni yo‘lga qo‘yganimizga o‘n yildan oshdi, – deydi asli kasbi agronom bo‘lgan Vahobjon aka. – Dastlab 100 ta, keyin 500 ta tovuq boqib ko‘rdim. Foydasi yaxshi ekan. Shu yo‘sin qo‘shimcha daromad manbaini yaratdim, izlanishdan to‘xtamadim. Shukur, kam bo‘lmadik, farzandlarni o‘qitdik, to‘ylar qilyapmiz.
E’tiborli jihati, xonadonda asosan turfa rangli (dekorativ) tovuqlar boqiladi. Ularning xaridorlari bisyor. Alohida kataklarda parvarishlanayotgan turfa rang va ko‘rinishdagi parrandalarni ko‘rib, hayrati oshadi kishining. Bir tomonda tuxumdan chiqqaniga endigina yigirma kun bo‘lgan, biroq halitdanoq jussasi rosmana tovuqlardan-da yirik kurkalar, bir tomonda chiyillagancha zir yugurib yurgan minglab jo‘jalar…
– O‘ziga xos ko‘rinishga ega “Brama svetlaya”, “Brama chyornыy almaz”, “Kox palevыy”, “Qora shahzoda”, “Feniks” kabi tovuq turlari, shuningdek, kurkaning “Big-6” zoti, tustovuqlarni parvarishlayapmiz, – deydi Elyorbek Ziyayev. – Yaqinda “Vodiy parrandalari” xususiy korxonasini ochdik. Faoliyatni kengaytirish harakatidamiz.
Oiladagi barcha farzandlar oliy ma’lumotli, ishli. Elyorbekning kasbi – hisobchi. Shu boismi, tomorqada parranda boqishning foydasi haqida hisob tilida tushuntirib berdi:
– Bitta tovuq yiliga 250-300 tagacha tuxum qo‘yadi. 100 ta tovuq kuniga 65-70 ta tuxum bersa, oyiga 2 million so‘m daromad olish mumkin. Yoki bo‘lmasa, go‘sht uchun parvarishlanayotgan bitta kurka 6 oyda 25-30 kilogramm tosh bosadi. Bu – agar 100 ta kurka boqib, go‘shtga topshirilsa, yarim yilda 80-90 million so‘m degan gap. Mini inkubator o‘rnatib, jo‘ja parvarishlash ham daromadli. bugungi kunda 3 ming dona kurka jo‘jasi sotishga tayyor. Parhez go‘sht uchun boqiladigan kurka jo‘jalarini 40-45 ming so‘mdan olib ketishyapti. Parrandalar ozuqasi uchun arzon manbalarni topish mumkin.
“Million”larni eshitib, rosti, havasimiz keldi. Axir, bu raqamlar faqat qo‘shimcha daromad ustida ketyapti! Oilaboshiga “Sir bo‘lmasa, parrandachilikdan har oy qancha daromad olasiz?” deya bergan savolimizga “30-40 million so‘m” degan javobni oldik. “Albatta, mehnatdan qochmaslik, astoydil harakat va uyqudan kechish evaziga” deya qo‘shimcha qiladi u.
Oiladagi samimiy va quvnoq muhit, to‘kin dasturxon, ko‘rkam va baland qilib solingan uy, yangigina “Kobalt” mashinasi haqiqatan ham oilaning xazina topganidan darak berib turardi. Xazinaning kaliti halol mehnatda, manbai esa har bir xonadonda borligiga ishora edi go‘yo.
M.Sulaymonov, O‘zA