Xomashyoni chuqur qayta ishlash ikki karra samaralidir
Paxta xomashyosini yetishtirishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlash ko‘proq samara berishi hammaga ma’lum.
Shu bois respublikada paxta yetishtirishda yetakchi o‘rinda turadigan Qashqadaryo viloyatida ham keyingi yillarda paxta xomashyosi qayta ishlovchi korxonalar safini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2017 yilda viloyatning Yakkabog‘ tumanida faoliyat boshlagan “Yakkabog‘ voha teks” korxonasi ham ana shu maqsadda amalga oshirilgan yirik loyihalardan biri sanaladi.
Korxona o‘sha paytda "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufida bunyod etilgan bo‘lib, 8,5 oy muddat samarali faoliyat olib bordi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 avgustdagi "Neft-gaz tarmog‘i tashkilotlarining aktivlaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyatining tekstil korxonasidagi ulushi sotuvga qo‘yildi.
[gallery-1274]
O‘tgan yili bu ulush xususiy tadbirkor tomonidan sotib olinib, “Yakkabog‘ voha teks” korxonasi “Yakkabog‘ Said Baraka tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Shu bilan bir qatorda, tadbirkor tomonidan mavjud texnologiyalardan samarali foydalanish borasida bir qator ishlar amalga oshirildiki, bugunga kelib, zavod quvvati ham, mahsulot sifati ham oshdi, ish o‘rinlari ko‘paytirildi. Jumladan, ayni paytda mazkur korxonada 110 nafardan ziyod kishining bandligi ta’minlangan. Ularning samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Shveysariyaning “Rieter” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan korxonaning yigiruv sexida paxta tolasidan yiliga 3 ming tonna eksportbop kalava ip tayyorlash imkoni mavjud.
– Ishlab chiqarishda asosiy e’tiborni sifatga qaratganmiz, – deydi korxona bosh mutaxassisi Sardorbek Ashurov. – bugungi kunda ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz xalqaro bozorda bemalol raqobatga kirisha olayapti. Shu bois ham yildan-yilga xorijiy hamkorlar soni oshib bormoqda. O‘tgan yili koxonamizda ishlab chiqarilgan ip-kalavani yuz foiz xorijiy davlatlarga eksport qilishga erishdik. Joriy yilda ham buyurtmalar bisyor.
O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA