Xodimlarni boshqarishning zamonaviy usullari
Poytaxtimizda inson resurslari sohasida innovatsiya va axborot texnologiyalariga bag‘ishlangan anjuman boshlandi.
Poytaxtimizda inson resurslari sohasida innovatsiya va axborot texnologiyalariga bag‘ishlangan anjuman boshlandi.O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda «DaVinci Solutions» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda aksiyadorlik jamiyatlari rahbar va mutaxassislari, biznes-konsultantlar, chet ellik ekspertlar ishtirok etmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, biznesni boshqarishning zamonaviy usullari amaliyotga keng joriy etilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi islohotlarda yangi davrni boshlab berdi.
Mamlakatimizda zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi talablarini inobatga olgan holda Lavozim va kasblarning yangi klassifikatori ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Bu rahbarlik lavozimlariga puxta bilimga ega bo‘lgan, zamonaviy menejment va marketing usullarini amalda qo‘llay oladigan yosh mutaxassislar tayinlanishiga zamin yaratmoqda.
– Inson resurslaridan oqilona foydalanish muvaffaqiyatli biznesning muhim shartidir, – deydi «DaVinci Solutions» kompaniyasi boshqaruv hamkori Hilola Sulaymonova. – Mamlakatimizda biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoit bugungi kunga kelib tadbirkorlarimiz oldiga kadrlarni saralash va ularning salohiyatidan unumli foydalanishga katta mas’uliyat bilan yondashish vazifasini qo‘ymoqda. Shu bois xodimni topishdan uning salohiyatidan unumli foydalanishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zida qamrab olgan ushbu sohaga talab tobora o‘sib bormoqda.
Anjumanda qator yetakchi xorijiy kompaniyalar mutaxassis hamda tahlilchilari tomonidan kadrlarni boshqarish sohasida to‘plangan ilg‘or chet el tajribasi hamda innovatsion ishlanmalar taqdimotlari o‘tkaziladi. Shuningdek, rekrutyorlar, xodimlar bilan ishlovchi menejerlar hamda biznes egalari uchun mahorat darslari tashkil qilinadi.