Xizmat avtomobillari ish samaradorligini oshiradi
Shahar tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchilariga “Neksiya 3”, axborot xizmati rahbarlariga “Spark” avtomashinalari kalitlari topshirildi.
Namangan viloyatida shahar va tuman hokimliklari axborot xizmati rahbarlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosarlari - hokimlarning xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchilariga xizmat avtomashinalarini topshirildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov soʻzga chiqib, oilada farzandlar taʼlim-tarbiyasi, “Ayollar daftari” asosida izchil va amaliy saʼy-harakatlarni amalga oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy muhitni sogʻlomlashtirish, turli oilaviy nizolarni kamaytirishda hokim maslahatchisi maqomiga tenglashtirilgan mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosarlari katta kuch va oʻringa ega boʻlishlari kerakligini taʼkiladi.
Axborot xizmatlari rahbarlariga Namangan viloyati imidjini oshirish, joylardagi islohotlarni xalqimizga keng targʻib etish, muammolarni boricha yetkazib, mutasaddilar eʼtiboriga havola qilish muhimligi aytib oʻtildi.

Shahar tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchilariga “Neksiya 3”, axborot xizmati rahbarlariga “Spark” avtomashinalari kalitlari topshirildi.
Qayd etish joiz, Prezidentimizning 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Namangan viloyatidagi shahar, tuman hokimliklarida axborot xizmatlari tashkil etildi. Ularga alohida xona ajratilib, kerakli jihozlar bilan taʼminlandi. Axborot xizmati rahbarlariga hokimning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi maqomi berilib, lavozimi boʻyicha hokim oʻrinbosari darajasiga tenglashtirildi.
Shu yilning oktyabr oyidan boshlab ularga hokimlik xodimlari qatorida ustama mablagʻlari toʻlash yoʻlga qoʻyildi. Bugun esa ularga vodiy viloyatlari oʻrtasida birinchi boʻlib, “Spark” rusumli xizmat avtomashinalari taqdim etildi.
Kelgusida hokimlik axborot xizmatlari uchun qoʻshimcha shtat birliklari ajratish, zamonaviy media asbob-uskunalari bilan jihozlash choralari koʻriladi. Xodimlar malakasi doimiy ravishda oshirib boriladi.
– Yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan bagʻoyat xursandmiz. Bunday eʼtiborga javoban biz axborot xizmati xodimlari tezkorlik, hududlarda roʻy berayotgan yangilik va oʻzgarishlarni operativ tarzda yoritib borish, jurnalist va blogerlar bilan uzviy aloqa bogʻlash, mavjud muammolarni sektorlar rahbarlarining diqqat markaziga olib chiqish taqozo etiladi, – deydi Chust tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Hulkaroy Ismoilova.