Xiyonat koʻchasining adogʻi tubsiz jarlikdir
Hayotda odam bolasi hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmasin ekan. Zero, toʻgʻri yoʻldan ozish, xiyonat koʻchasiga kirish kishini insoniy tuygʻulardan butkul mosuvo qilib, gumrohga aylantirib qoʻyadi.
Jinoyat va jazo
Hayotda odam bolasi hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmasin ekan. Zero, toʻgʻri yoʻldan ozish, xiyonat koʻchasiga kirish kishini insoniy tuygʻulardan butkul mosuvo qilib, gumrohga aylantirib qoʻyadi.
Uyim-joyim, bolalarim, deb xorijda koʻp yillar mashaqqatli mehnat bilan pul topgan, ammo uyga qaytgach, xiyonatkor ayolining makri bilan ayanchli oʻlim topgan baxti qaro er haqidagi tafsilotlar toʻqib-bichilgan rivoyat emas. Afsuski, ushbu jinoyat sudda ishonchli, rad etib boʻlmas dalillar bilan toʻliq isbotlangan haqiqatdir.
Erali (ism-familiyalar oʻzgartirildi) xolasinikida boʻlayotgan toʻyga – nahorgi oshga kelmadi. Bundan xavotir olgan Xudoyqul aka oʻgʻlining qoʻl telefoniga bir necha marta qoʻngʻiroq qildi. Telefon apparati oʻchirilgan ekan, bogʻlanish imkoni boʻlmadi.
Otaning koʻngli gʻash tortdi. Tashvishlanishiga esa asos bor edi. Kecha kechqurun Xudoyqul aka oʻgʻli bilan telefon orqali gaplashganda qulogʻiga baland musiqa sadosi eshitilgan. Erali bir chetga chiqib gaplashgan va ertalab, albatta, toʻyga yetib borishini aytgandi.
Ammo undan hali-hanuz darak yoʻq.
Xudoyqul aka koʻngli gʻash tortganidan nima qilishni bilmay turgan payt jiyani Orif uni bir chetga imlab chaqirdi-da, sovuq xabarni aytdi.
Eralini mashina urib ketibdi, vafot etgan emish. U bu xabarni hozirgina qudasi Ravshan Eronqulovdan eshitibdi...
Jizzaxlik Xudoyqul Turgʻunov bilan Sirdaryoning Yangiyer shahrida yashovchi Ravshan Eronqulovlar oilasi avvaldan tanish edi. Keyinchalik oilaviy bordi-keldi qudachilik rishtasi bilan bogʻlandi. Shu tariqa Erali bilan Masturaning taqdiri tutashdi.
Mastura qaynota-qaynonasining xizmatini qilib, xudo taqdirini qoʻshgan Erali bilan yaxshi yashayotgandi.
Afsuski, keyinchalik ularning oilasiga koʻz tegdi. Oiladagi osoyishtalik, oʻzaro hurmat oʻrnini notinchlik, dilxiralik egalladi.
Bunga ikki farzandi dunyoga kelgach, Masturaning tabiatida yuz bergan qusurlar sabab boʻldi. Mastura arzimas bahonalardan janjal chiqarar, hovlini boshiga koʻtarib, ayyuhannos solardi.
Loyqalangan suv vaqt oʻtishi bilan tinishi kerak. Har holda koʻpni koʻrgan keksalarimiz shunday deyishadi. Lekin bunday boʻlmadi.
Keyingi safar oʻzi chiqargan janjaldan soʻng Mastura koʻch-koʻronini yigʻishtirib, otasining uyiga ketib qoldi. Kayvonilar, ota-onalar oʻrtaga tushgani besamar ketdi. Mastura kelinlik uyiga qaytmadi. Oila boshligʻi Xudoyqul aka juda koʻp mulohaza qildi. Oʻrtada bir qiz va bir oʻgʻil borligini oʻylab, Eralini oldiga chaqirdi. Yangiyer shahriga borib, ijaraga uy topishni, oilasi bilan oʻsha yerda yashashini tayinladi.
Erali otasi aytganidek, ijaraga uy va oʻziga ish topdi. Bu voqea 2002-yilning kuzida boʻlgan edi. Shundan soʻng Mastura ham tinchib qoldi.
Oila muhiti izga tushdi. 2007-yilda Erali xorijga ishga ketdi.
Musofirchilikda kun kechirish boshidan oʻtgan odamgagina maʼlum. Chunki oʻzga yurtning issiq-sovugʻiga chidash kerak. Erali ishlab topgan pulini Masturaga joʻnatib turardi. Mastura uy sotib oldi. Erali yiliga bir-ikki kelib ketardi. Keyinchalik ishga shunchalik shoʻngʻib ketdiki, 2011-yil 10-martida xorijga ketgan boʻlsa, uch yildan soʻng – 2014-yil 31-dekabr kuni uyiga qaytib keldi.
Voqeaning davomiga toʻxtaladigan boʻlsak, yangi yilni oilasi bilan kutgan Erali ertasiga Jizzaxga – ota-onasining oldiga keldi. Xudoyqul aka oʻgʻli xorijda ishlab qaytgani uchun el oldiga dasturxon yozib, maʼraka oʻtkazdi. Keldi-ketdidan soʻng ota-bola yolgʻiz qolishganida Erali Xudoyqul akaga xorijda ishlab topganiga hovli-joy qurish niyatida ekanini aytdi. Shunda ota bundan biroz oldinroq Mastura Eralining ruxsati bilan uyni kuzga qadar oʻzlari yashab turish sharti bilan 13 ming AQSH dollariga bejiz sotmaganini tushundi.
Fevral oyi boshida Xudoyqul aka uydagilar bilan Eralining uyiga mehmonga borishadi. Shunda oʻgʻil otasiga “mart oyida Rossiyaga ketishim kerak edi. U yoqda dollarning narxi tushib, oyliklar pasayib ketibdi. Endi bormayman, 10-fevral kuni xolamning toʻyiga borib, ertasiga siz bilan Samarqandga oʻtamiz. Yuk mashinasi sotib olaman. Shu bilan tirikchilik qilaman”, deydi. Oʻshanda u oʻzining plastik kartasida 35 ming AQSH dollari borligini aytgandi. Kutilmaganda boshiga ogʻir musibat tushgan otaning bilganlari shu, xolos.
Bu sovuq xabarni eshitib, Xudoyqul aka butkul gangib qoldi. Ichidan nimadir “chirt” etib uzilganday boʻldi. Orif rangi dokadek oqarib ketgan togʻasini suyab, oʻrindiqqa oʻtqazdi. Birozdan soʻng xiyol oʻziga kelgan Xudoyqul aka Orif bilan oʻgʻli Nuralining hamrohligida yoʻlga tushdi.
Ular manzilga yetib kelishganda Eralining eshigi oldida “Tez tibbiy yordam” mashinasi turardi. Ichkarida esa prokuratura va ichki ishlar xodimlari bor edi. Tergovchi Masturadan roʻy bergan voqea yuzasidan tushuntirish xati olayotgan, u esa boshqa millatga mansub kimsalar tunda erini oʻldirib ketganini yigʻi-sigʻi aralash aytayotgandi.
Ajabo, nahotki shunday boʻlsa? Masturaning koʻrsatmasi aynan detektiv filmlardagi voqealarga oʻxshab ketadi.
Es-hushi oʻzida odam ayolning dastlabki surishtiruv chogʻidagi bu safsatalariga sira ishonmasa kerak. Toʻgʻri, surishtiruv va tergov chogʻida guvohlardan olingan koʻrsatmalar bir-biriga solishtirib koʻriladi, har bir holat ipidan ignasigacha oʻrganiladi. Bu gal ham shunday boʻldi.
Makkora ayol erini oʻzi buyurtma berib, oʻldirtirgandi. Jinoyatning faol ishtirokchisi Tolliboy Qudratovga ertasi kuniyoq bir ming AQSH dollari berib, uni xorijga qochirib yuborgandi. Surishtiruv-tergov davomida bu oshkor boʻldi.
Ichki ishlar idorasi tomonidan qidiruv eʼlon qilingan Tolliboy Qudratov 1989-yil Yangiyer shahrida tugʻilgan. Muqaddam Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi va 25,118-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan toʻqqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Keyinchalik esa T.Qudratov sudning ajrimi bilan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan oʻtalmasdan qolgan yetti oy besh kun axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtashdan shartli ozod qilingan.
Koʻpni koʻrgan bobolarimiz bekorga “oʻxshatmasdan uchratmas”, deb aytishmagan. Mastura bilan Tolliboy haqida ham shunday deyish mumkin. Bu ikki shumqadam toʻyda tanishib qolishgandi. Tolliboy toʻydan soʻng Masturani uyiga kuzatib qoʻygan. Darvoza oldiga yetib kelgach, Mastura “qutlugʻ xonadondan bir piyola choy ichmay ketmang”, deya yangi tanishni uyiga taklif qilgan. Bu taklif shirakayf Tolliboyga moydek yoqib tushgan. Bu paytda bolalar allaqachon uxlab qolishgandi. Shu kuni ikki xiyonatkor mehmonxonada tunni birga oʻtkazishgan.
Shu tariqa ular bir-biriga butkul bogʻlanib qolishdi. Har oqshom bolalar uxlagach, Tolliboy Mastura aytgan “qutlugʻ xonadon”ga kelar, bu paytda ayol uni kutib oʻtirgan boʻlardi. Qisqasi, biron-bir joyda ishlamaydigan ikki bekorchi xiyonatdan tiyilmaydi, vaqtini Erali xorijdan joʻnatgan mablagʻ hisobiga aysh-ishratda oʻtkazishadi. Faqat Erali xorijdan qaytgach, ular xiyonatdan tiyilishadi.
Ammo shunday kunlarning birida Mastura Tolliboy bilan pinhona uchrashib, dardini “yoradi”. U uyning sotuvidan tushgan 13 ming AQSH dollariga egalik qilish maqsadida erini oʻldirish, bu bilan uni oʻrtadan olib tashlash zarurligini aytadi. Buni qarangki, bu jinoiy taklifga Tolliboy ham rozi boʻldi. Oʻz navbatida, Tolliboy bu yovuz niyatni amalga oshirishga tanishlari Baxtiyor va Jumanazarni jalb etadi.
Baxtiyor Omonov 1992-yilda Yangiyer shahrida tugʻilgan. Oʻrta maʼlumotli, oilali, muqaddam sudlanmagan Baxtiyor biron-bir joyda ishlamaydi. Oʻzining “Jiguli”sida kirakashlik qiladi. U shu tariqa Tolliboy bilan tanishib qolgan. Masturani ham Tolliboy bilan birga koʻrgan. Koʻpincha Tolliboy uning qoʻl telefoniga qoʻngʻiroq qilib, Masturaning uyiga chaqirganida zudlik bilan yetib borgan. Yana bir tomoni Baxtiyor Masturani boyvuchcha ayol sifatida biladi. Chunki ularni qayerga olib borsa, kira haqini ikkalasi uchun ham Mastura toʻlagan.
Shu oʻrinda ikkinchi jinoiy sherik – Jumanazar Oʻrinov bilan oʻquvchini tanishtiradigan boʻlsak, u 1988-yilda Xovos tumanida tugʻilgan. Ayni chogʻda Yangiyer shahrida yashaydi, hali uylanmagan. J.Oʻrinov B.Omonovga qarindosh. Ular ikkisi koʻpincha koʻchada birga sangʻib yurishadi.
Qisqasi, oʻsha kuni Tolliboy Mastura bilan Baxtiyorning oldiga boradi.
– Bir jiddiy xizmat bor, – deydi Tolliboy Baxtiyorga. – Bittasini tanobini tortib qoʻyish kerak. Evaziga mana bu opachang 500 AQSH dollari beradi.
Albatta, Baxtiyor kimni, nima sababdan urish kerakligini soʻraydi.
Shunda Tolliboy Masturaning eri xorijdan kelgandan buyon ichib olib, janjal qilayotgani uchun uni bir qoʻrqitib qoʻyish kerakligini aytadi.
Ular Baxtiyorning qarindoshi Jumanazarni ham jinoiy guruhga sherik qilib olishadi. Oʻsha kuni Tolliboy Baxtiyorga 360 ming soʻm berib, qolganini ish bitgach olishini aytadi. Baxtiyor esa pulning 100 ming soʻmini Jumanazarga beradi.
– Bugun kechqurun biron-bir qahvaxonada ovqatlangani borsak, – deydi Mastura peshin chogʻi eriga. – “AKFA” oshxonasiga boramiz. Juda shirin kabob tayyorlasharkan. Bir-ikki piyola ichsangiz ham qarshilik yoʻq. Chunki olisda ishlab charchagansiz. Sal charchogʻingiz chiqsin, deyman-da.
Rosti gap, Erali xotinining soʻzlarini eshitib, quvonib ketdi. Ammo u bolalarni yolgʻiz tashlab ketishga koʻngli boʻlmayotganini aytdi. Mastura buning ham yoʻlini topib qoʻygan ekan. Bolalarni buvisinikiga joʻnatarmish...
Qahvaxonada Erali xotini bilan yayrab oʻtirdi. Ichkilik taʼsirida Mastura bilan bir necha marta raqsga ham tushdi.
Yodingizda boʻlsa, voqea bayonining avvalida Xudoyqul aka qoʻngʻiroq qilganida musiqa sadosi eshitilgan, shuning uchun Erali otasi bilan tashqariga chiqib gaplashgan va ertalab toʻyga yetib borishga vaʼda bergandi.
Qisqasi, oʻshanda otasi bilan gaplashgach, yana ichkariga qaytib kirgan Erali oʻzini fojia kutayotgani, ajal qilichi boshi ustida oʻynayotganidan bexabar edi.
Aroqni oz-ozdan maydalab ichgan Erali kech soat yigirma ikkilarda butkul mast boʻlib qolgandi. Tashqariga chiqib kelish bahonasida eshikka yoʻnalgan Mastura Tolliboyga qoʻngʻiroq qilgan va uni xabardor etgan.
Erali va Mastura qahvaxonadan chiqqach, ortidan ikki qora sharpa ergashadi. Bu Baxtiyor bilan Jumanazar edi. Qahvaxonadan besh yuz metrlar uzoqlashishib, koʻchaning qorongʻu joyiga yetganida old tomonidan yugurib kelgan Tolliboy sakrab Eralini zarb bilan tepadi.
Ichkilikdan zoʻrgʻa oyogʻida turgan Erali “gurs” etib yiqiladi. Shundan soʻng Tolliboy, Baxtiyor va Jumanazar uni oʻrtaga olib, duch kelgan joyiga tepishadi. Ayniqsa, Tolliboy jazavaga tushib: “men buni oʻldirishim kerak, u ishimga xalal beryapti” degan soʻzlarni bir necha marta takrorlaydi. Mastura esa biroz nariroqda turib, erini ayovsiz urishayotganini bamaylixotir tomosha qiladi.
Bir payt yoʻlovchi mashinaning chirogʻi koʻrinadi. Zoʻravonlar yorugʻda tanib qolmasliklari uchun qochib ketishadi.
Mastura Tolliboy chaqirgan kirakash mashinada ogʻir ahvoldagi erini uyiga olib keladi. Mashina egasi Sh.Raupov ogʻir jarohat olgan Eralini toʻshakka yotqizib ketadi.
Voqeaning davomi har qanday kishining yuragini larzaga solishi tayin.
Negaki, baʼzida xirillab, baʼzan tinchib qolayotgan Eralini hali tirik, deb oʻylagan Mastura qoʻliga yelim xaltani oladi-da, uning yuziga bir necha daqiqa bosib turadi. Shundan soʻng Erali butkul tinchib qoladi...
Yodingizda boʻlsa, jinoyat yuz bergan kunning ertasi Mastura Tolliboy Qudratovga 1 ming AQSH dollari berib, uni xorijga qochirib yuborgan edi. Oʻshanda T.Qudratovga nisbatan qidiruv eʼlon qilingandi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo viloyati sudining ochiq sud majlisida M.Turgʻunova, B.Omonov va J.Oʻrinovlarga oid jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqilgan.
Sud sudlanuvchilar B.Omonov va J.Oʻrinovning marhum E.Turgʻunovni oʻldirish maqsadi boʻlmagani, T.Qudratovning iltimosiga koʻra, pul evaziga uni urib, yerga yiqitib berishi kerakligi toʻgʻrisidagi vajlarini muhokama qildi. Bular javobgarlik va jinoiy jazodan qutilib qolish maqsadida oʻylab topilgan vajlar, deb hisobladi.
Sud sudlanuvchilar M.Turgʻunova, B.Omonov va J.Oʻrinovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j”, “i”, “p” bandlari bilan aybdor, deb topdi. M.Turgʻunova va J.Oʻrinovni 15 yildan, B.Omonovni 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish toʻgʻrisida hukm chiqargan.
Xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” degan naql bor. Jinoyat sodir etib, oʻzga yurtda qochib yurgan Tolliboy Qudratov ham oxir-oqibat ushlab kelindi. U ham sudning qora kursisida oʻtirib, jinoiy qilmishi uchun javob berdi.
Sud hayʼati sudlanuvchi T.Qudratovga jazo tayinlashda Jinoyat kodeksining 55-moddasiga koʻra, uning harakatlarida jazoni yengillashtiruvchi holatlar mavjud emas, degan toʻxtamga keldi. Jinoyat kodeksining 56-moddasiga koʻra, T.Qudratov gʻarazli va past niyatlarda, mast holatda jinoyat sodir etganligi jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholandi.
Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, muqaddam ogʻir jinoyat sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingani, jazoni oʻtashdan shartli ozod qilinganidan oʻziga ijobiy xulosa chiqarmagani, sinov vaqtida yana oʻta ogʻir jinoyat sodir qilganini eʼtiborda tutdi.
Sud jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyer shahar sudining 2010-yil 1-martdagi hukmi bilan jazo tayinlanib, shu sudning 2015-yil 21-yanvardagi ajrimi bilan oʻtalmasdan qolgan 7 oy, 5 kun axloq tuzatish ishlari jazosining shartliligini bekor qildi. Sud T.Qudratovni 16 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Prokuror tomonidan keltirilgan daʼvo arizasi qanoatlantirildi. Sudlanuvchidan Ichki ishlar vazirligi foydasiga 28 million 629 ming 266 soʻm undirilishi sud hukmida qayd etildi.
Yuqoridagi ayanchli voqeadan yaqqol koʻrinib turibdiki, oila qoʻrgʻonini muqaddas bilib, uni asraganlar baxtga munosib, unga xiyonat qilganlar esa tubanlikka yuz tutib, tubsiz jarlikka qulaydi.