Xitoylik mutaxassisga faxriy professor unvoni berildi
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Xalqaro tajriba: ta’limni modernizatsiyalash sharoitida zamonaviy mashinasozlik va muhandislik yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Baxtiyor Nasimov ochib berdi. Xorijdagi ilmiy izlanishlar hamda yangiliklar bilan talabalarni tanishtirib borish lozimligini qayd etdi.
Tadbirda bugungi kun uchun dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, sohaning yetakchi kadrlari tomonidan turli mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xususan “Changshu” texnologiya institutining vakili Gao Zhe xonim ham taqdimot qildi.
Tadbirda institut ta’lim tizimining rivojlanishida o‘z hissasini qo‘shgani uchun Gao Zhe xonimga faxriy professor unvoni topshirildi.
Gao Zhe xonim To‘qimachilik va moda dizayn maktabining 2+2 dasturi rahbari hisoblanadi. Bizda ham xuddi shu OTM bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etilgan. Unga qabul qilingan talabalar 2 yil Xitoyga borib tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA