Xitoydan keltirilgan sara chigit urug‘i samara bermoqda
Shu yil 12 fevralda Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda 2024 yilgi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy yildan ilk bor O‘zbekistonga chetdan olib kelingan chigitni ekishga ruxsat berildi.
Shunga ko‘ra, Buxoro viloyatidagi “Merganteks” ko‘p tarmoqli paxta–to‘qimachilik klasteri tomonidan yangi tashabbusga qo‘l urildi.
–Erta bahordan Olot va Qorako‘l tumanlaridagi ekin yerlarining 750 gektarida Xitoy davlatidan olib kelingan chigit urug‘i ekilib, parvarish qilindi, –deydi klaster ta’sischisi Ibrohim Hamroyev. –Buning uchun Xitoyning “Tenjen Xuashu Shinjay” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borildi.

O‘tgan yillar davomida klaster paxta maydonlarida mazkur xorijiy korxona bilan shartnoma asosida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi muvaffaqiyatli joriy etilgandi. Uch yil burun mazkur agroklaster tomonidan Xitoy davlatidan plyonka ostiga chigit ekishga mo‘ljallangan 20 ta zamonaviy ekish agregati uskunasi xarid qilingan.
Aynan “Merganteks” klasteri tomonidan qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan tomchilatib sug‘orish qurilmalari va ular uchun zarur butlovchi qismlarni ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilgan. O‘tgan mavsumda 1 ming 200 gektar yerga plyonka ostiga urug‘ qadalib, g‘o‘za parvarishi talab darajasida olib borilgan.

“Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina paxtachilik tarmog‘ida joriy yilda viloyatning nafaqat Qorako‘l va Olot, balki barcha tumanlarida umumiy 9 172 gektar yerda xorijdan import asosida keltirilgan 211 tonna import chigit ekilib, parvarish qilindi.

Joriy yil hosili uchun birgina “Olot cotton cluster” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan tumanda 930 gektar maydonda, shundan 730 gektar ochiq konturda, 200 gektar maydonda plyonka ostida chigit parvarishlandi. Mazkur agroklaster tomonidan 500 gektar maydonda Xitoydan olib kelib ekilgan “XInluZAO-78” navli g‘o‘za parvarishlanib, shu kunlarda bor kuch va imkoniyat hosilni saranjomlab olishga qaratilgan.
Shuningdek, “Merganteks” paxta to‘qimachilik klasteri tashabbusi bilan olis “Bahoriston” hududida “Shukrullo O‘rinov” fermer xo‘jaligida g‘alladan bo‘shagan yerning 45 gektarida Xitoy g‘o‘zasi parvarishlangani tarmoqda muhim yangilikdir. “Yinong-6” naviga mansub paxta chigiti boshoqli don o‘rib-yig‘ib olingan dalada iyun oyining dastlabki haftasida ekib bo‘lingan, o‘sib yetilish davri 100 kunni, bundan kutilayotgan yuqori hosildorlik salmog‘i esa har gektariga 7 tonnani tashkil etmoqda.

Fermer xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi orqali parvarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, erta bahorda ekilgan g‘o‘za bilan o‘sish fazalari deyarli barobar va shu kunlarda hosil yig‘im-terimi puxta olib borilmoqda. 45 gektardan kutilayotgan hosil xirmoni 212 tonna atrofida chamalanmoqda.
Shu qatorda Olot tumanidagi “Sardorbek Sharipov omadi”, “Himmat”, “Qurbon Aziz”, “Narzi Oyim”, “Erkin Oqqiyev”, “Yusuf Maxsuma”, “Bozorboy Jabbiyev”, “Shakaroy Sulaymonova” kabi fermer xo‘jaliklarida Xitoyning “Xinluzao-78” navli chigiti ekib parvarishlandi.
Xuddi shunday, Qorako‘l tumanida joriy paxtachilik mavsumi oldidan jami 848,5 gektar yerda 17 tonna miqdoridagi serhosil Xitoy navli chigit ekilib, agrotexnik talablar asosida paxta yetishtirildi.
Ayni kunda “Merganteks” MCHJ bilan hamkorlik qilayotgan fermer xo‘jaliklari 137 gektar yerda xorijiy navli “oq oltin” yetishtirishning uddasidan chiqishgan. Joriy yilda “Jig‘achi” cho‘li massivida o‘zlashtirilgan yerning 117 gektarida ham nishona hosil sifatida Xitoy urug‘i ekib, barakali hosil yetishtirilganini ko‘rish mumkin.
Mazkur hududda agrotexnik tadbirlar ilmiy asosda, kechiktirmay olib borilgani o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. G‘o‘za parvarishi davrida defoliatsiya ishlari maxsus dronlar yordamida amalga oshirilgan. Mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanishda esa, ko‘p yillik tajribaga tayanilgan.
Xullas, Xitoydan keltirilgan chigit urug‘i Buxoro zaminida yaxshi hosil bermoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri