Xitoyda mehmonxona qulab tushdi
Xitoyning “Xinjia Express” deb nomlangan mehmonxonasining olti qavatli binosi shanba kuni mahalliy vaqt bilan 19.15 da qulab tushdi.
Xitoyning “Xinjia Express” deb nomlangan mehmonxonasining olti qavatli binosi shanba kuni mahalliy vaqt bilan 19.15 da qulab tushdi. Fuszyan provinsiyasining Syuanchjou shahri okrugiga qarashli Lichen tumanida joylashgan mazkur inshoot, maʼlum boʻlishicha, 2018-yilda bunyod etilgan. Bino oʻpirilganda ichkarida jami 70 kishi boʻlgan. Qutqaruvchilar ulardan 50 nafarini falokat joyidan olib chiqishga muvaffaq boʻlishdi. Afsuski, qutqarilganlarning 2 nafarida tiriklik alomatlari sezilmagan.
Ushbu mehmonxonadan koronavirusga chalinganlar bilan faol muloqotda boʻlgan fuqarolarni karantinda saqlash maqsadida foydalanilgan. Bu yerga, asosan, ogʻir epidemiya holati kuzatilgan hududlar, masalan Xubey va Chjeszyan provinsiyalari, shuningdek Venchjou shahri aholisi keltirilgan. Maʼlumotlarga koʻra, mehmonxonaga joylashtirilganlarga mashʼum kasallik tashxisi qoʻyilmagan, ularda koronavirusning hech qanday alomati kuzatilmagan. Shunday boʻlsa-da, bu odamlarga nisbatan majburan ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Yaʼni, ular virus yuqtirgan insonlar bilan yaqin aloqada boʻlganlikda gumon qilingan.