Xitoyda Buxoroning eksport imkoniyatlari taqdimoti
Xitoyda Buxoro viloyatining eksport imkoniyatlari va sarmoyaviy salohiyati taqdimoti tashkil etildi.
Ayni kunlarda Buxoro viloyati delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib turibdi. Mehmonlar mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida biznes forumda qatnashdi.
Tadbirda Xitoy Xalqaro rivojlanish Kengashi, yirik kompaniya va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.


Ishtirokchilarga Buxoro viloyatining eksport imkoniyatlari hamda sarmoyaviy salohiyati yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi. Xitoy kompaniyalari viloyatning erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirildi.


Tadbirda so‘zga chiqqan Xitoy Xalqaro rivojlanish kengashi kotibiyat mudiri Szyan Yuy ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini ta’kidladi. Xitoy kompaniyalari mamlakatimiz bozorida faoliyat olib borishga qiziqishi katta ekanligini bildirdi.


Forum davomida o‘tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri