Xitoy va Pokiston Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha 5 bosqichli taklif berdi
Xitoy va Pokiston Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni tiklash bo‘yicha besh banddan iborat qo‘shma tashabbusni e’lon qildi. Mazkur taklif Pekinda tashqi ishlar vazirlari Van I va Ishoq Dar uchrashuvidan so‘ng e’lon qilindi.
Loyihaning birinchi bandi zudlik bilan harbiy harakatni to‘xtatish va mojarodan zarar ko‘rgan barcha hududlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni nazarda tutadi. So‘ngra tinchlik muzokarasini tezroq boshlash, Eron va Fors ko‘rfazi davlatlari suvereniteti, hududiy yaxlitligi, milliy mustaqilligi va xavfsizligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, Xitoy va Pokiston tomonlarni begunoh aholi va noharbiy nishonlar, xususan energetika inshootlari, atom elektr stansiyalari kabi fuqarolik yadro inshootlariga hujumni darhol to‘xtatishga chaqirgan, Hurmuz bo‘g‘ozidagi kema yo‘llari xavfsizligi ta’minlanishi zarur, deb hisoblaydi.
Hujjatning beshinchi bandida BMT Nizomi va xalqaro huquq ustuvorligiga rioya etish lozimligi eslatilgan.
S.Rahimov, O‘zA