Xitoy va O‘zbekiston do‘stligi ekranda
O‘zbekiston va Xitoy madaniy aloqalari tarixida yangi sahifa ochildi. Ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlik va chin do‘stlikni dunyoga namoyish etish maqsadida “Mening tarixim, mening shahrim” nomli hujjatli film suratga olina boshlandi.
Mazkur loyiha mashhur CGTN telekanali tomonidan tayyorlanmoqda. Tasvirga olish jarayoni Chin mamlakatining eng yirik, boy tarixga ega kinostudiyalaridan biri hisoblangan “Central Newsreel and Documentary Film Studio” ijodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, oddiy insonlarning hayoti va taqdiri asosiga quriladigan ushbu kino asari Xitoyda yashayotgan o‘zbekistonliklar hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xitoyliklarning samimiy va hayotiy hikoyalari orqali yoritiladi. Shu munosabat bilan 1-iyun kuni Toshkentda ushbu tarixiy loyihaga bag‘ishlangan tantanali tadbir va davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Anjumanda XXRning mamlakatimizdagi elchixonasi xodimlari, madaniyat va san’at jamoatchiligi hamda ikki davlat rasmiylari ishtirok etdi.
Davra suhbatida elchixona vakillari o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan barcha jonkuyar insonlarga hamda yurtimizda mehnat qilayotgan xitoyliklarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Buyuk Ipak yo‘li asrlar davomida Xitoy va O‘zbekiston xalqlarini mustahkam rishtalar bilan bog‘lab kelgani, bugungi kunda esa davlat rahbarlari Si Szinpin va Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli ushbu sheriklik mutlaqo yangi, yuqori bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
[gallery-29730]
Anjumanda hududlararo hamkorlik ikki mamlakat munosabatining muhim poydevori ekani qayd etildi. Zero, hozirgi kunga qadar mamlakatlarimizning 33 tadan viloyati va shahri birodarlashgan. Bunday qo‘shma madaniy loyihalar do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlamoqda.
Tadbir yakunida tashkilotchilar madaniyat va media sohasi vakillarini “Mening tarixim, mening shahrim” hujjatli filmini keng targ‘ib etishda faol ishtirok etishga chaqirdi. Xitoy elchixonasi bundan buyon ham hududlararo almashinuv va gumanitar hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ma’lum qilindi.
Fardona Yaxshiboyeva,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA