Xitoy iqtisodiyotining neft narxiga ta’siri
Xitoyning eksport va import bo‘yicha ma’lumotlari e’lon qilingach, qora oltinning jahon bozoridagi narxi osha boshladi.
Masalan, Brent markasidagi neftning may oyi fyuchers narxi 0,43 foizga qimmatlashib, bir barreli 63,55 dollar etib belgilandi, WTI markasi esa 0,42 foizga oshgan.
Savdo ishtirokchilari neftning bu galgi qimmatlashuviga dunyoning yirik neft eksportyorlaridan hisoblangan Xitoyning makroiqtisodiy statistikasi e’lon qilinishini sabab qilib ko‘rsatmoqda.
O‘tgan mart oyida Xitoy eksporti 30,6 foizga, importi esa 38,1 foizga oshgan. Joriy yilning yanvar-mart oylarida esa Xitoy eksporti o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 49 foizga oshgan.
Bir necha haftadan buyon neft narxining goh tushib ketishi, goh ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Bunga kelgusida qora oltin xomashyosiga bo‘lgan talab noaniq bo‘lib qolayotgani sabab bo‘layotir. Bir tomondan, dunyo bo‘yicha emlash jarayoni jadallashgani ko‘p cheklovlarning bekor qilinishiga umid uyg‘otayotgan bo‘lsa, boshqa tomonda dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanish holati yana ko‘paygani iqtisodiyotning qayta tiklanishini sekinlashtirish xavotirini uyg‘otmoqda.