Xitoy 2027-yilgacha uchar avtomobillar ishlab chiqarmoqchi
Xitoyning "Xpeng" kompaniyasi 2027-yilgacha uchar avtomobillar, shuningdek, odamsimon robotlarni keng ko‘lamda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya rahbari Brayan Guning ta’kidlashicha, “Xpeng” allaqachon uchar avtomobillarga 7000 dan ortiq buyurtma olgan va hozirda aviatsiya nazorati organlari tomonidan zarur ruxsatnomalar olinmoqda.
Brayan Gu Germaniyaning “Volkswagen” avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan hamkorlikning “katta salohiyati”ni ham qayd etdi. Joriy yil mart oyida “Volkswagen” “Xpeng” bilan hamkorlikda elektr avtomobillarni ishlab chiqarishni boshladi.
Ta’kidlanishicha, Xitoy kompaniyasi kelgusi o‘n sakkiz oy ichida minglab robotaks ishlab chiqarmoqchi. Dastlab, odamsimon robotlar mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qo‘llaniladi, ular ma’muriyat va savdo bo‘yicha maslahatchilar sifatida xizmat qiladi.
G.Sattorova, O‘zA