Xazina mehnat bilan topiladi
Asalarini yetti xazinaning biri deyishlari bejiz emas. Xazinaga mehr berilsa, mehnat qilinsa, ko‘payib, “salmog‘iyam, qaymog‘iyam” oshib boraveradi. Buning ustiga shifobaxsh mahsulot qadri-yu, narxi hech qachon tushmaydi. Shu sababli bu soha bilan qiziquvchilar kundan kunga ko‘payib bormoqda. Ular uchun yangi imkoniyat, imtiyozlar berilyapti.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi “Olchin” mahalla fuqarolar yig‘inida asalarichilikning hadisini olgan Abduvohid Ubaydullayevning tashabbusi bilan “Asal markazi” ochildi. U “Bag‘dod zamin asali” dehqon xo‘jaligi rahbari, asalarichilar sulolasining uchinchi avlodi bo‘ladi.
Abuvohid bobomeros asal yetishtirishni ilmiy izlanishlar, zamonaviy uslub va metodlar, innovatsion texnologiyalar bilan boyitdi. Qo‘llanma va kitoblar o‘qidi, yangi nav va zotlar ustida ish olib bordi. Soha bo‘yicha o‘tkazilayotgan anjuman va konferensiyalar, tanlovlar ishtirokchisi bo‘lib, qator yutuqlarga erishdi. Asal bayramlarida faol qatnashib, O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tomonidan “Asalari mahsulotlarini eng ko‘p eksport qilgan asalarichi” deya e’tirof etildi, mehnatlari munosib rag‘batlantirildi, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bugun uni nafaqat yurtimiz, balki xorijliklar ham yaxshi biladi.

Bu yerda faqat bol yetishtirish emas, balki asalari oilasini eksport qilish yoki qishloqdagi kam ta’minlangan oilalarga tarqatish, qiziquvchilarga o‘z bilganlarini o‘rgatish borasida salmoqli ishlar qilindi. O‘tan yilning o‘zida “Chekxitoy” mahalla fuqarolar yig‘inida asalarichilik kooperatsiyasini tashkil qilish orqali 20 ta oila vakillarining bandligi ta’minlandi. Buning uchun “Bag‘dod zamin asali” tomonidan ularga 60 ta qutida 120 ta asalari oilasi tarqatildi. Bilmaganlarini muntazam o‘rgatib bordi, avvaliga ozuqalarigacha yetkazib berdi. Kasanachilik asosida yetishtirilgan mahsulotini o‘zi sotib oldi. Aholi bitta asalari oilasidan 700-800 ming so‘mdan foyda ko‘rdi. Bu tashabbus Olchin, Matqulobod qishloqlarida ham keng quloch yozdi, tumandagi fermer xo‘jaliklariga ham 300 ta asalari oilasi tarqatildi. Astoydil kirishgan fuqarolar asalning o‘zidan 10 million so‘m, asalari oilasini sotishdan esa 25 million so‘mgacha daromad topdi.
– Besh yil avval 30 ta asalari oilasini olgandim. Bugunga kelib, ular soni 65 taga chiqdi, – deydi Mullavali qishlog‘ida yashovchi Hoshimjon Imomov. – Yurakdan chiqarib parvarish qilinsa, turgan-bitgani xazina, daromad manbai ekan. Bu ishlarda kooperatsiya vakillarining xizmatlari katta. Baraka topishsin, bilganlarini o‘rgatish, maslahat berishdan qochmaydi.

“Asal markazi”ni ochishdan maqsad ham boshqalarga o‘rgatish, oilalarni daromadli qilish. Kelgusida apiterapiya – asalari bilan davolash muassasasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur davolash usuli juda qadimdan qo‘llanib kelinadi. Joy masalasi hal bo‘lsa, bino qurilib, davolash muassasasi ham quriladi.
O‘tgan yili mazkur dehqon xo‘jaligi tomonidan 100 ming AQSH dollaridan ortiq asal eksporti amalga oshirildi. Ayni kunda 2 mingdan ziyod asalari oilasi parvarish qilinmoqda. Bu yiliga o‘rta hisobda 14-15 tonna asal yig‘ib olish degan gap.

Yaqinda pokistonlik tadbirkorlarga “Bag‘dod zamin asali” brendi ostida 20 tonna asal yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzildi. “Asal markazi”da esa 30 xildan oshiq tabiiy sof asal mahsulotlari, ari boqish uchun kerakli barcha uskuna va qo‘llanmalar mavjud bo‘lib, mutaxassislar doimiy ravishda mijozlarga o‘z maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan beminnat yordam ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, tumandagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 20 nafar xotin-qizga yil davomida moddiy ko‘maklashish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan.
M.Sulaymonov, O‘zA