“Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi – amalda
Qaror va ijro
Yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarni turli xil yo‘l- transport hodisalaridan asrashdir.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 12 iyuldagi “2022 – 2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori doirasida avtomobil yo‘llari infratuzilmasi kompleks takomillashtirish, harakatni boshqarish tizimini, jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish belgilangan. Shuningdek, qarorda shahar yo‘lovchi transporti bekatlarida yo‘lovchilarga zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni elektron taqdim etuvchi monitorlar joylashtirilishi, yo‘l belgilariga jiddiy e’tibor qaratish ham nazarda tutilgan.

– Prezidentimizning “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati hududida, Jizzax shahri va tuman markazlaridan tashqari, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Avtomobil yo‘lidan foydalanish va texnik holatini tahlil qilish transport mexanizatsiya hamda texnik taminlash shu’basi mutaxassisi Husniddin Suvonov. – Belgilangan topshiriqlarga ko‘ra, rejada ko‘rsatilgan 1 ming dona o‘rniga 1 ming 60 dona yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, yaroqsiz holga kelib qolgan 1 ming 900 ta yo‘l belgisi 1 ming 964 ta yangisiga almashtirildi.

Shuningdek, 6 dona svetofor rekonstruksiya qilinib, yangidan 3 ta piyodalar uchun svetofor o‘rnatilgan, 0,2 kilometrga kvadrat yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan. 2 kilometrlik aholi punktlaridagi kesib o‘tish belgilanmagan joylarga piyodalar harakatini cheklovchi vosita(panjara)lar o‘rnatish ishlari to‘liq amalga oshirilgan.

Prezidentimizning 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi huzurida maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi qayta tashkil etilib, ushbu bo‘linmaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Endilikda ushbu bo‘linma alohida zamonaviy ma’muriy binoga ega bo‘lishi bilan birga 5 milliard 985 million so‘mlik bugungi kun talabiga to‘la javob beradigan zamonaviy maxsus transport vositalari bilan ta’minlangan.
– Viloyatimizda ushbu maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi Jizzax shahri va barcha tuman markazlariga hamda 111 ta svetofor bilan tartibga solingan ob’ektlarga xizmat ko‘rsatadi, – deydi Jizzax viloyat IIB JXX YHXB Axborot xizmati rahbari, mayor Erkin Ochilov. – Ushbu bo‘linma qayta tashkil etilgandan buyon shu kunga qadar viloyat miyosida 35 ta svetofor o‘rnatildi va 7 ta svetofor inshootlarida qayta rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Jizzax shahri va tuman markazlari hududidagi avtomobil yo‘llariga 800 tadan ortiq yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, 700 dan ziyod yaroqsiz holga kelib qolgan eski turdagi yo‘l belgilari yuqori intensivli nur qaytaruvchi zamonaviy yo‘l belgilariga almashtirildi.

Viloyatdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining yo‘l harakati qoidalarini to‘g‘risidagi bilimlarini shakllantirib borishga alohida e’tibor qaratilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Yo‘l harakati qoidalari intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.

“Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat mutasaddilari tomonidan harakat xavfsizligini to‘g‘ri tashkil etishga qaratilgan ijobiy ishlar kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi, albatta. Zero, mamlakatimiz rahbarining bu borada qabul qilgan farmon va qarorlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham insonga e’tibordir.
A.Qayumov (surat),
O‘zA muxbiri