“Xavfsiz va ravon yo‘l” dasturi amalda
Farg‘ona viloyatida 2022–2026 yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi asosida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ijrosi ta’minlanmoqda. Joriy yilning 11 oyi davomida 1 ming 349 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlari hamda Bag‘dod, Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida bu hodisalar o‘tgan yilga nisbatan oshgan.
Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari joriy yilning o‘tgan davrida 346 ta sodir etildi. Shuningdek, viloyat bo‘yicha piyodalar ishtirokida 573 ta yo‘l -transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, bu yanada targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Viloyat hududida “Diqqat, yo‘lovchi”, “Diqqat, bolalar”, “Diqqat, piyoda!” profilaktik va maxsus reyd tadbirlari davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yo‘l harakati qoidalariga rioya etish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Serqatnov yo‘l bo‘yida joylashgan ta’lim muassasalari, piyodalar ko‘p harakatlanuvchi shahar-tuman markazlaridagi, bozor va savdo majmualari yaqinidagi piyodalar o‘tish joylariga yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va patrul-post xizmati, profilaktika inspektorlari biriktirildi.

– Taqsimot asosida biriktirilgan xodimlar harakat xavfsizligini ta’minlash bilan bir qatorda aholiga piyodalarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini tushuntirib bormoqda, – deydi Farg‘ona viloyati IIB JXX YHXB axborot guruhi katta mutaxassisi, kapitan Elbek Qobilov. – “Diqqat, piyoda” tadbiri davomida yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari haydovchilari bilan avtoturargohlarda harakat vaqtida piyodalarga nisbatan hushyorlikni oshirish yuzasidan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar davomida yo‘l harakati qoidalarini, piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining ayanchli oqibatlarini o‘zida aks ettirgan 550 ta buklet va flayerlar tarqatildi. Shuningdek, barcha shahar-tuman markazlari, bozorlar, yirik savdo majmualari atroflari, ta’lim muassasalariga tadbir mazmunini aks ettiruvchi, piyodalarga yo‘l harakati qoidalarini eslatuvchi banner va pannolar o‘rnatildi.
Tadbir davomida piyodalar tomonidan 4 ming 122 ta qoidabuzarlik aniqlanib, uni sodir etgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablari bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA