“Xavfni boshqarish tizimi” o‘z samarasini bermoqda
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda bojxona xizmati mamlakatning asosiy kuch manbai hisoblanadi. Respublikamizning tashqi savdo aylanmasini tashkil etuvchi eksport va import operatsiyalarining jadal sur’atlarda amalga oshirilishi, o‘zimizda ishlab chiqarilgan, yetishtirilgan va qayta ishlangan mahsulotlarning dunyo bozorlariga chiqishi natijasida mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, davlatimizning investitsion jozibadorligi ortishida bojxona xizmati faoliyatida joriy etilayotgan imkoniyat va imtiyozlarning o‘rni beqiyos.
Avtotransport vositalari hamda fuqarolar harakati, ish hajmi bo‘yicha respublikamiz miqyosida eng yirik postlar jumlasiga kiruvchi "Daut-ota" chegara bojxona posti Nukus shahridan 450 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining shimoliy darvozasi hisoblanadi.
Bojxona xodimlarining 2 ta smenada 24 soat davomida xizmat qilishi tashkillashtirilgan mazkur post orqali har kuni o‘rtacha 280-300 ta yengil va yuk avtotransport vositasining kirish, chiqish va tranzit yo‘nalishlarda harakati amalga oshiriladi.
Yil boshidan jami 66 ming 831ta yuk avtotransport vositasi eksport va importga yo‘naltirilgan yuklarni o‘z manzillariga yetkazishda mazkur bojxona posti orqali harakatlangan.
Zamonaviy va ilg‘or nazorat texnik vositalari, axborot texnologiyalarining tizimga joriy etilishi natijasida, “Daut-ota” chegara bojxona postida yuk avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati uchun ketadigan vaqt ancha kamaydi. Bu esa o‘z navbatida postning o‘tkazuvchanlik qobiliyatining yanada ortib, tashqi savdo tovarlarining aylanmasida bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5 iyundagi “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, «qog‘ozsiz va elektron bojxona»ning mantiqiy davomi va rivojlanishi bo‘lgan «raqamli bojxona»ni shakllantirish, shuningdek, bojxona ishi sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni jadallashtirish maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab berildi.
Mazkur farmonda nazarda tutilganidek, joriy yil 1 noyabrdan boshlab “Daut-ota” chegara bojxona postida ham Davlat bojxona qo‘mitasining xavflarni boshqarish tizimi joriy etildi. Unga muvofiq, post orqali harakatlanuvchi avtotransport vositalari xavflilik darajasiga ko‘ra avtomatik tarzda “yashil”, “sariq”, “qizil” va “ko‘k” yo‘laklarga yo‘naltiriladi. Avtomatik tarzda tanlangan yo‘laklarda xavflilik darajasiga ko‘ra bojxona nazorati soddalashtirilgan yoki to‘liq tartibda amalga oshiriladi.

Faoliyati davomida qonunbuzarlik holatini sodir etmagan halol tadbirkorlik sub’ektlari va yuk tashuvchilar asosan “yashil” yo‘lak orqali harakatlanib, ularga nisbatan bojxona ko‘rigi tayinlanmaydi. Birgina noyabr oyida post orqali harakatlangan 7763ta avtotransport vositasining 2,3 foizi “yashil”, 91,6 foizi “sariq” yo‘lakka yo‘naltirilib, bojxona nazoratining soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilgan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 6,1 foiz yuk avtotransport vositasi uchun tizim tomonidan “qizil” yo‘lak tanlangan bo‘lib, bojxona ko‘rigi amalga oshirilgan.
Bojxona chegarasiga kirib kelgan avtotransport vositasi harakatni to‘xtatmasdan tegishli joygacha yetib kelgunicha, postda o‘rnatilgan avtotransport vositasining davlat raqamini aniqlash tizimi, radiatsion portal monitor, elektron tarozilar o‘z vazifalarini avtomatik tarzda qayd qilib oladi. Inspeksion ko‘rik majmuasi esa avtotransport vositasini skanerlab, bojxona nazoratining tez va samarali amalga oshirilishida katta ahamiyatga ega qurilma sanaladi.
Postda yaratilgan mazkur imkoniyatlar natijasida 1 ta yuk avtotransport vositasining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvdan o‘tishi uchun sarflanadigan vaqt o‘rtacha 35-50 daqiqaga teng bo‘lmoqda. Bugun bojxona postlarida yaratilgan sharoitlar, jumladan joriy etilayotgan “raqamli bojxona” nafaqat bojxona nazoratining tez va samarali bo‘lishiga xizmat qiladi, balki tizimda inson omilining kamayishiga olib keladi va bojxonachilarning tovar egalari bilan bevosita muloqotini cheklaydi. Bu esa o‘z navbatida, bojxona xizmatida korrupsiya illatining vujudga kelishida katta to‘siq bo‘ladi.
Shuningdek, yetuk bilim va yuqori saviyaga ega bojxona xodimlari tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelishi hamda bojxona chegaralari orqali noqonuniy tovar moddiy boyliklarning harakatlanishiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida bojxona sohasiga oid qonun hujjatlarining buzilishiga oid 230 ta holat aniqlangan bo‘lib, qiymati 3 milliard 382 million so‘mga teng tovar-moddiy boylik ashyoviy dalil sifatida olingan. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va o‘qotar qurollarning noqonuniy aylanmasi fosh etilgan jami 5 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bojxona organlari tizimida yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitilgan xizmat itlaridan keng foydalanib kelinmoqda.
2020 yilning 11 oyi davomida “Daut-ota” chegara bojxona posti tomonidan bojxona to‘lovlaridan 27 milliard 488 million so‘m pul mablag‘i davlat byudjetiga o‘tkazildi.
Bojxona tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida yaratilayotgan qulaylik va sharoitlarni bugun birgina “Daut-ota” chegara bojxona posti misolida qaradik. Ishonchimiz komilki, respublikamizning bojxona tizimida joriy etilgan bu kabi innovatsion tizim va texnologiyalar davlatimizning investitsion jozibadorligi va tashqi savdo aylanmasining yanada ortishi bilan bir qatorda mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash kabi ulug‘vor vazifalarga xizmat qiladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA