Xarris va Tramp ilk debatni o‘tkazdi
AQSH prezidentligiga nomzodlar Kamala Xarris va Donald Trampning noyabr oyiga belgilangan saylov oldidan birinchi teledebati “ABC News” telekanali jonli efirida o‘tkazildi.
Saylovga ikki oydan kamroq vaqt qolganda bo‘lib o‘tgan bahsning birinchi qismi, xususan boshlovchi tomonidan berilgan ilk savol iqtisodiyotga oid bo‘ldi:
– Amerikaliklar to‘rt yil avvalgiga qaraganda yaxshiroq ahvolda ekaniga ishonasizmi?
Bu savolga javoban Xarris “imkoniyatlar iqtisodiyoti”ni shakllantirish rejasi borligini aytdi. Shuningdek, uy-joy muammosini hal qilish, yosh oilalar va kichik biznesga yordam berish va’dasi yangradi.
Tramp fikricha, demokratlar to‘rt yil ichida iqtisodiyotni vayron qilgan, Xarris esa Jo Baydenning iqtisodiy dasturini, shunchaki, ko‘chirib olgan.
– Donald Tramp bizga Buyuk Depressiyadan keyingi eng yomon ishsizlik holatini qoldirdi, – dedi amaldagi vitse-prezident. – Demokratlar faqat u yuzaga keltirgan tartibsizlikni tozalash bilan shug‘ullandi.
Nomzodlar bir necha bor bir-birini yolg‘onchilikda aybladi. Munozara boshida Xarris tomoshabinlar Trampdan “ko‘p yolg‘on, shikoyat va ism-shariflar” eshitishini aytdi.
Debat nima sababdan prezidentlik saylovi uchun muhim? So‘rovlarda kim yetakchilik qilyapti? Albatta, bugun bu savollar ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.
AQSHning sobiq rahbari raqibini bir vaqtlar Stenford universitetida ishlagan iqtisodchi otasi faoliyati bilan bog‘lashga urinib, “marksist” deya ta’rifladi.
– Agar u saylansa, hammasi o‘zgaradi va bu davr mamlakatimizning oxiri bo‘ladi, – dedi Tramp. – Uning markschiligini hamma biladi. Otasi marksshunos iqtisodiyot professori sifatida qiziga yaxshi ta’lim bergan.
Xarris esa xarifiga murojaat qilib, uning so‘zlarini sharhlar ekan, “uyat” so‘zini bir necha bor ishlatdi.
– Dunyo yetakchilari Donald Tramp ustidan kulmoqda, – dedi Xarris va sobiq prezidentga yuzlanib, so‘zida davom etdi. – Men harbiy rahbarlar bilan gaplashdim. Ular orasidan siz bilan birga ishlagan ayrimlari shaxsingiizga nisbatan o‘ta salbiy fikrlar bildirishdi.
Tabiiyki, teledasturda Ukraina masalasi ham ko‘tarildi.
Tramp urush tugashi kerakligini aytdi va bunga erisha olishini ta’kidladi. Agar saylovda g‘alaba qozonsa, bu ishni lavozimga kirishishdan oldinoq boshlash niyatida ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Kamala Xarris esa ayni mavzuga quyidagicha izoh berdi:
– NATOdagi ittifoqchilar Donaldning mag‘lubiyatidan juda minnatdor bo‘lishadi. Agar Tramp Prezident bo‘lganda, Putin hozir Kiyevda o‘tirib, Polsha va Yevropaning qolgan qismiga nazar tashlayotgan bo‘lardi.
Tramp Xarrisni “tarixdagi eng muvaffaqiyatsiz vitse-prezident” deb atadi va u amaldorligi davrida urushning oldini ololmaganini ro‘kach qildi.
Isroil – Falastin urushi borasida Xarris oldingi ba’zi bayonotlarini takrorlab, Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga egaligi, faqat bu ishni qay yo‘sinda amalga oshirish muhimligini ta’kadladi.
– Bu mojaro tugashi kerak, harbiy harakatni zudlik bilan to‘xtatish zarur, – dedi u. Tramp esa agar prezident bo‘lganida, urush hech qachon boshlanmasligini aytdi.
– U Isroildan nafratlanadi – dedi Tramp. – Agar saylansa, ikki yildan keyin bu davlat yo‘q bo‘lib ketishiga ishonaman.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA