Xalqning koʻzi va soʻzi boʻlaylik
Hayotimiz shiddat bilan oʻzgarmoqda.
Hayotimiz shiddat bilan oʻzgarmoqda. Jumladan, matbuot sohasida ham chuqur islohotlar boryapti. Oldingi davr bilan keyingi ikki-uch yildagi oʻzgarishlarda osmon bilan yercha farq bor, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Hozirgi oshkoralik va soʻz erkinligi sharoiti ilgari boʻlmagan.
Bugun Oʻzbekistonda nodavlat, xususiy ommaviy axborot vositalari jadallik bilan taraqqiy etmoqda. Ayniqsa, internet jurnalistikasi deb atayotganimiz elektron OAVning qamrovi kengaymoqda. Axborot bozorida raqobat muhiti paydo boʻldi.
Hamma davrlarda xolislik va haqqoniylik jurnalistikaning oltin qoidalaridan boʻlib kelgan. Bu mezonlarni unutgan, unga amal qilmagan jurnalist oʻquvchilar ishonchini yoʻqotadi. Yolgʻon, oldi-qochdi, shov-shuv xabarlarga asoslangan OAVning umri qisqa boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kasb bayrami munosabati bilan soha xodimlariga yoʻllagan tabrigida jurnalistlarning mashaqqatli va sharafli mehnati eʼtirof etilgan holda, ular oʻz ishiga yana-da masʼuliyat bilan yondashishga daʼvat etiladi.
Tan olishimiz kerak, gohida biron mavzuni yoritayotganida jurnalist va blogerlarning bilim-malakasi yetishmasligi,shoshqaloqlik, hissiyotga berilish holatlari koʻzga tashlanmoqda. Oʻzbekiston uchun tipik boʻlmagan ayrim voqea-hodisalarni boʻrttirish, aholiga notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda koʻp uchrayapti. Bu olib borilayotgan katta ijobiy ishlarimizga soya solyapti.
Men ishlayotgan OʻzA rasmiy axborot agentligi hisoblansada, sohada borayotgan oʻzgarishlarning bayroqdori boʻlmoqda, deyishimiz mumkin.Biz hammaga, har xil toifa vakillariga minbar beryapmiz.
Barcha davrlarda ham jurnalist xalqning soʻzi, koʻzi, yuragi boʻlib, kelgan. Biz odamlarni oʻylantirayotgan muammolarni, ularning dardu tashvishlarini hukumatga yetkazish bilan birga, Prezident, davlatimiz olib borayotgan siyosatni aholiga tushuntirishimiz, qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning mohiyatini targʻib-tashviq etishimiz zarur.
Mamlakatimizdagi barcha hamkasblarimni kasb bayramlari bilan qutlarkanman, demoqchimanki, adolat va xalqchillik hamisha shiorimiz boʻlsin, har gal qoʻlga qalam olayotganda xayolimizda,yuragimizda Vatan tursin, shu mehnatkash va kamtarin xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib yozaylik.
Abdujalol TAYPATOV,
“Yilning eng faol jurnalisti – 2020” tanlovi gʻolibi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bagʻishlangan anʼanaviy “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi - “Siyosat va yangiliklar” tahririyati bosh muharriri oʻrinbosari, Abdujalol Taypatov ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati hamda aholi maʼnaviyati masalalariga bagʻishlangan “Andishaning oti nima yoxud maʼnaviyat haqida ayrim mulohazalar”, “Men anglagan haqiqatlar” kabi tahliliy materiallari uchun gʻolib deb eʼlon qilindi.
Agentlik jamoasi nomidan ustoz jurnalist Abdujalol Taypatovni tabriklaymiz!