Xalqimizning ezgu orzusi ijobati
Poytaxtimizga mehmon bo‘lib kelgan mashhur baxshini yo‘qlab bordik. Uy mehmonga to‘la. Gurung qizigandan-qizidi. So‘ng baxshi do‘mbirasini olib, “Alpomish”ni boshlab yubordi. “Burungi o‘tgan zamonda, o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elida...” Butun vujudimiz quloqqa aylandi...
Bugunning Alpomishu Barchinoylari
Poytaxtimizga mehmon bo‘lib kelgan mashhur baxshini yo‘qlab bordik. Uy mehmonga to‘la. Gurung qizigandan-qizidi. So‘ng baxshi do‘mbirasini olib, “Alpomish”ni boshlab yubordi. “Burungi o‘tgan zamonda, o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elida...” Butun vujudimiz quloqqa aylandi...
Xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi bo‘lmish “Alpomish” dostonida ajdodlarimizning or-nomus, mardlik, vatanparvarlik, bag‘rikenglik, matonat, vafo va sadoqat kabi olijanob fazilatlari, farzandlarini Hakimbekdek jasur, Barchinoydek oqila, zehnli qilib tarbiyalash orzusi mujassam.
Darhaqiqat, har bir ota-ona farzandi sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishini, baxtli, to‘kis hayot kechirishini orzu qiladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, yosh avlod – buyuk kelajagimiz bunyodkorlariga alohida e’tibor qaratildi, ularni har jihatdan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport sohalarini tubdan isloh etish, yoshlarimizning har tomonlama sog‘lom kamol topishi, zamonaviy bilimlarni egallashi, o‘z iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishlarda uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan islohotlarning samaralari mustaqillik farzandlari qo‘lga kiritayotgan yutuqlar timsolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik bu jarayonda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
2014-yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 18 namunaviy sport obyekti va 73 maktab sport zali barpo etilib, 24 obyektda rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani va mazkur inshootlar zamonaviy sport inventarlari va malakali murabbiylar bilan ta’minlangani, bugun mamlakatimizda sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan bolalar 2 milliondan oshib ketgani fikrimiz isbotidir.
Dunyoning qaysi davlatida bolalarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun O‘zbekistondagidek katta e’tibor, kuch va sarmoya ajratiladi?
Ha, bugun shaharu qishloqlarimizda ko‘zni quvnatib qad rostlab turgan zamonaviy bolalar sporti inshootlari doimo o‘g‘il-qizlar bilan gavjum. Bu sport – xalqimiz turmush tarziga aylanganidan dalolatdir.
– Hozirgi bolalarga havas qilsa arziydi, – deydi poytaxtimizdagi 44-bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori M.Aliyev. – Bolaligimda mening ham sportga qiziqishim baland edi. Lekin u paytlar bugungidek imkoniyat qayda deysiz? Sport jihozi, inventarlar haqida-ku gapirishning hojati yo‘q. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, bu manzara butunlay o‘zgardi. Bugun bolalar o‘zi qiziqqan sport turi bilan bemalol shug‘ullanishi uchun barcha sharoit muhayyo. Ularning mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish uchun sport inshootlarida malakali murabbiylar faoliyat olib boradi. Buni maktabimiz misolida ham ko‘rish mumkin.
Mazkur muassasada badminton, badiiy gimnastika, erkin va yunon-rum kurashi, sambo, shaxmat, shashka, taekvondo (WTF), futbol, qo‘l to‘pi, belbog‘li kurash va o‘zbek jang san’ati kabi sport turlari bo‘yicha tashkil etilgan seksiyalarda olti yuzdan ziyod o‘g‘il-qiz shug‘ullanmoqda. Seksiyalar sport inventarlari va uskunalari bilan to‘liq ta’minlangan. Yoshlarga yuqori malakali murabbiylar mahorat sirlarini o‘rgatmoqda.
Mazkur sport maktabi tarbiyalanuvchilari joriy yilda turli musobaqalarda 18 oltin, 13 kumush va 28 bronza medalini qo‘lga kiritibdi. Bu ushbu muassasada sport bilan shug‘ullanish uchun qulay sharoitlar yaratilib, mashg‘ulotlar tizimli yo‘lga qo‘yilganidan dalolatdir.
O‘zbek jang san’ati seksiyasida shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlar mamlakat va xalqaro miqyosdagi qator musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan.
– Bu yerda asosan terma jamoa a’zolari o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi, – deydi murabbiy Shahnoza Zuhriddinova. – Shogirdlarim yaqinda Janubiy Koreyada bo‘ladigan nufuzli sport festivaliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular mazkur anjumanda ham munosib ishtirok etishiga ishonaman.
Mashg‘ulot o‘tayotgan o‘g‘il-qizlar orasida o‘n to‘rt yoshli Farangizning harakatlari e’tiborni tortadi. Bo‘kalik bu sportchi o‘zbek jang san’ati bo‘yicha mamlakat chempionatlarida bir necha bor shohsupaga ko‘tarilgan. 2014-yili Rossiyada o‘tgan nufuzli musobaqada birinchi o‘rinni egallagan.
– O‘zbek jang san’ati bilan besh yildan beri shug‘ullanaman, – deydi u. – Sport sog‘lom, tetik bo‘lishimga, oldimga aniq maqsad qo‘yib yashashimga yordam bermoqda. Kelajakda o‘zbek jang san’atini dunyo miqyosiga yanada keng targ‘ib qilishga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.
Ha, qalbida Vatan sha’nini himoya qilishdek ezgu maqsad bilan voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlarimiz bugunning Alpomishu Barchinoylaridir.
Qodir o‘g‘lonlar yurti
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning mamlakatimiz sporti tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarining ilk oltin medalini qo‘lga kiritgan bokschi Muhammadqodir Abdullayevga atab yozgan she’ri bunday satrlar bilan boshlanadi:
Boburdan merosmi,
Ko‘zingdagi cho‘g‘,
Ey sen mushti qattiq,
Ko‘ngli bo‘sh bola...
Bugun yurt sha’ni uchun maydonga chiqib, O‘zbekistonning yuksak sport salohiyatini butun dunyoga tan oldirayotgan sportchilarimiz yurtimizda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga qodir, har tomonlama yetuk yoshlar kamolga yetayotganini isbotlamoqda. Zero, shoir aytganidek, ularning suyanchig‘i – xalqi, ularning murabbiyi – millat sardoridir.
2000-yili Sidney Olimpiadasida Muhammadqodirning qo‘lga kiritgan oltin medali xalqimiz ko‘ksini g‘urur-iftixorga to‘ldirish barobarida millionlab yoshlarda chempionlik orzusini, xalqaro sport arenalarida Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarishdek ezgu maqsadni alangalatib yubordi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’lim tizimida uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari joriy qilinishi, iqtidorli o‘g‘il-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z salohiyatini namoyon etishiga har tomonlama imkoniyat yaratilayotgani xalqaro maydondagi yuksak g‘alabalarimizning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Rustam Qosimjonov, FIFA referisi Ravshan Ermatov, dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin va London Olimpiadalari sovrindori Rishod Sobirov, boks bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, London Olimpiadasi sovrindori Abbos Atoyev, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Vadim Menkov, shaxmat bo‘yicha xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova, og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Nurudinov, taekvondo (WTF) bo‘yicha jahon chempionati va Osiyo o‘yinlarida shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan Dmitriy Shokin va Jasur Boyqo‘ziyev kabi ko‘plab sportchilarimizni butun dunyo taniydi, ularning iste’dodiga, mahoratiga tan beradi.
Ularga havas qilib ulg‘ayayotgan yoshlarimizning nufuzli musobaqalarda erishayotgan muvaffaqiyatlari tahsinga loyiq. Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev, yunon-rum kurashi bo‘yicha Osiyo chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Ilhom Bahromov, dzyudo bo‘yicha jahon chempioni Diyora Keldiyorova, shaxmat bo‘yicha 8 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov, maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkitadan oltin medalni qo‘lga kiritgan Islombek va Javohir Sindorov kabi minglab yoshlarimiz o‘zbek sportining kelajagi porloq ekaniga, xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz soni yanada ortishiga ishonch bag‘ishlaydi.
Bularning barchasi xalqimizning ezgu orzusi o‘z ijobatini topayotganining amaliy ifodasidir.