Xalqimiz farovonligi va taraqqiyotning mustahkam asosi
Munosabat
Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash haqidagi qarori shu yurtning farzandiman degan har bir insonning ruhiyatiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mustaqillik bu har qanday davlatning eng oliy ne’mati, uning barqaror taraqqiyoti va xalqaro maydondagi nufuzining mustahkam poydevoridir. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston sharoitida mustaqillik g‘oyasi yangi mazmun va mohiyat kasb etib, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur qarorda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy o‘sish sur’atlari, aholi farovonligini oshirish borasidagi ishlar, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash kabi masalalarga alohida urg‘u berilgan.
Deputat sifatida ta’kidlashni istardimki, bu kabi keng qamrovli tadbirlar aholi, ayniqsa yosh avlod ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mustaqillik bu faqat tarixiy yutuq emas, balki kelajak oldidagi ulkan mas’uliyatdir.
Qaror doirasida respublika bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Mustaqillik to‘yi” festivallari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalar jamiyatimizni yanada birlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu tadbirlarga barcha qatlam vakillarini keng jalb etish orqali yurtimizdagi ijtimoiy faollikni oshirish mumkin. Shuningdek, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni yorituvchi kitoblar, hujjatli filmlar va ilmiy anjumanlarning tashkil etilishi milliy taraqqiyotimiz tarixini chuqur o‘rganish va uni kelajak avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
Ayniqsa, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning bilim olishi, kasb egallashi va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir. Zero, yoshlar mamlakatimiz kelajagi, Yangi O‘zbekistonning bunyodkor kuchidir.
Mustaqilligimizning 35 yilligini munosib nishonlash nafaqat o‘tgan yo‘limizni sarhisob qilish, balki yangi marralarni belgilash, xalqimizning birdamligi va ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz, xalq vakillari sifatida, ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etib yoshlarga o‘rnak bo‘lishimiz lozim.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA.